2100-yilga kelib dunyoda tugʻilish va aholi soni kamayishi mumkin

16:44 16 Iyul 2020 Dunyo
1009 0

Vashington shtati universiteti olimlarining taxminiga koʻra, 2100-yilga borib sayyoramizdagi har bir ayolga 1,7 nafar bola toʻgʻri keladi. Bir ayolga 2,1 nafar bola toʻgʻri kelishi esa aholining kamaya boshlaganini anglatadi.

Olimlarning tadqiqoti «Lanset» jurnalida eʼlon qilindi. Ular 2064-yilga borib dunyo aholisi soni 9,7 milliardga yetishini, keyin esa kamayib, asrimiz oxirida 8,8 milliardga tushib qolishini taxmin qilishmoqda. Bunga esa oʻqiydigan va ishlaydigan ayollar sonining ortishi sabab boʻlar ekan.

Aholisining anchagina qismidan ayrilishi kutilayotgan mamlakatlardan biri – Yaponiya. 2017-yilda kunchiqar yurt aholisi 128 millionga yetgan edi, asr oxirida esa 53 milliondan ham kamayib ketadi. Oʻsha paytga borib Italiya aholisi 61 milliondan 28 millionga tushib qolar ekan.

Olimlarning faraziga koʻra, 2100-yilgacha 23 mamlakatning aholisi soni ikki baravar qisqaradi. Ular orasida Ispaniya, Portugaliya, Tailand va Janubiy Koreya bor.

Xitoy aholisi 2024-yilda 1,4 milliardga yetishi kutilmoqda. Shundan soʻng kamayadi va asrimiz oxirida 732 millionga tushib qoladi. Aholi soni boʻyicha yetakchilik esa Hindistonga oʻtadi.

Tadqiqotchilar muammo global miqyosda yoyilgan demoqda: 195 davlatdan 183 tasida tugʻilish aholining koʻpayishi uchun yetarli darajada emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?