2030 yilga qadar kimyo sanoatida 7,3 mlrd dollarlik 40ta loyiha amalga oshiriladi

17:48 29 Oktyabr 2018 Jamiyat
811 0

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ga koʻra, Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida 400 ming tonna quvvatga ega ammiak va 660 ming tonna quvvatli karbamid ishlab chiqarish zavodi quriladi. Shuningdek, Navoiy viloyatida yiliga 275 ming tonna fosforli oʻgʻitlar va 1,5 mln. tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish kompleksi barpo etiladi.

“Biz bugungi kunda Yangiyer shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy zavodni qurishga qaratilgan investitsion loyihani amalga oshirish borasida hamkorlik qilmoqdamiz. Ayni kunlarda loyiha hujjatlarni tayyorlash jarayonlari davom etyapti. Ular AQSH va Yaponiyaning dunyoga mashhur kompaniyalari texnologiyalari asosida ishlab chiqilayotgani eʼtiborga loyiqdir, — deydi “Samsung Engineering” kompaniyasining Shimoliy Amerika va MDH davlatlari boʻyicha bosh menejeri Li Jung Yop.

Shu bilan birga, 2024 yilning sentyabriga borib, Fargʻonada melamin, kimyoviy himoya vositalari hamda sintetik tolalar, Jizzax erkin iqtisodiy zonasi hududida BOPP plyonkalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Xorazmda olefin va polimerlar tayyorlashga moʻljallangan gaz-kimyo majmuasi bunyod qilinadi.

Umuman, “Yoʻl xaritasi”ga binoan, 2018 — 2030 yillar davomida sohaga umumiy qiymati 7 milliard 297 million 300 ming AQSH dollariga teng 40 ta loyiha roʻyobga chiqariladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?