2025 yilgacha respublikamizning ekologik toza energiya ishlab chiqarish quvvati 1,7 barobar oshiriladi

13:55 26 May 2018 Iqtisodiyot
521 0

Poytaxtimizda “Energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi innovatsion texnologiyalar” mavzuida biznes-seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan mazkur tadbirda Ukraina, Rossiya Federatsiyasi, Latviya, Germaniya, Turkiya hamda O‘zbekistonning innovatsion texnologiyalarini tatbiq qilish bilan shug‘ullanadigan yetakchi kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Qayd etilganidek, energiya resurslarini tejash, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan oqilona foydalanish iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, aholi turmush farovonligini ta’minlashning muhim omilidir. Shuni inobatga olib, yurtimizda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga energiyani tejovchi innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xorij kompaniyalari bilan o‘rnatiladigan hamkorlik yangi loyihalar ro‘yobiga yo‘l ochayapti.

— Yurtingizda energiya samaradorligini ta’minlash, muqobil energiyani rivojlantirish bo‘yicha katta qadamlar tashlangan, — deydi Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi loyiha koordinatori Shabnam Mammadova. — Bugungi tadbirda elektr energiyasini 50 foizgacha tejaydigan maxsus innovatsion uskunalarimizni O‘zbekistonning iqtisodiyot tarmoqlarida qo‘llashni taklif etayapmiz. Albatta, bu hamkorligimizning dastlabki bosqichi bo‘ladi. Kelgusida ana shunday yangi loyihalarni ishlab chiqish niyatidamiz.

Prezidentimizning o‘tgan yil 26 mayda imzolangan “2017 — 2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishda yangi istiqbollarni ochdi. Unga ko‘ra, 42 ta yangi gidroelektr stansiyasini qurish hamda ishlab turgan 32 ta gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish hisobiga 2025 yilgacha respublikamizning ekologik toza energiya ishlab chiqarish quvvatini 1,7 barobar oshirish ko‘zda tutilgan.

— Joriy yilda Kanadaning “Sky Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Surxondaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1000 megavattga teng bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarni qurish, shuningdek, Germaniyaning “Siemens” kompaniyasi bilan birgalikda quvvati 100 megavattni tashkil etadigan shamol elektr stansiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan, — deydi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Akmal Abbosov.

Tadbirda energetika, neft-gaz hamda kommunal sohalarda yangi innovatsion texnologiyalar loyihalari taqdim qilindi. Ularda eskirgan uskunalarni energiya tejovchi texnologiyalar bilan almashtirish, mahsulot tayyorlashda energiya sarfini kamaytirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, energiya resurslarini hisobga olish tizimini avtomatlashtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Rahim SHERQULOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?