2021-yil yanvariga kelib sutkalik oʻlim koʻrsatkichi aprelga qaraganda 4-5-marta yuqori boʻlishi mumkin - JSST vakili

16:24 26 Oktyabr 2020 Dunyo
270 0

COVID-19ga qarshi vaksinalar ishlanmalari boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi maʼlumot berdi.

2020-yilning 26-oktyabr holati.

JSST dunyoda kunlik COVID-19ga chalinganlar soni boʻyicha yangi rekordni qayd etdi

Dunyoning ayrim mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi tufayli cheklovlar kuchaytirilmoqda. Italiyada yangi cheklovlar: restoran va barlar soat 18: 00 da yopiladi.

Italiyada kuniga COVID-19 koronavirusi bilan kasallangan 19 000 nafar kishi roʻyxatga olindi –bu aprel oyidan beri rekord kunlik koʻrsatkich.

Italiya hukumati COVID-19 pandemiyasining ikkinchi toʻlqiniga qarshi turish uchun qattiq yangi “koronavirus” cheklovlarini joriy qildi. Ketma-ket soʻnggi ikki kun davomida bu mamlakatda “koronavirus” ning yangi rekordlari qayd etildi - 19 mingdan ortiq yangi yuqish holatlari qayd etildi.

Germaniyada kuniga 6,6 mingta COVID-19 holatlari aniqlandi. Bu pandemiya boshlanganidan beri rekord oʻsishdir.

Ispaniyada kun davomida yangi holatlar eng koʻp roʻyxatga olingan – bu yerda 15 ming kishi kasallangan.

Ispaniya hukumati bir yil ichida ikkinchi marta favqulodda holat eʼlon qildi. Bu mahalliy hokimiyat organlariga mamlakatda koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish uchun zarur karantin cheklovlarini qoʻllash imkonini beradi.

Rossiyada 16,710 ta yangi SARS-CoV-2 yuqish holatlari aniqlandi.

Hindistonning koronavirusga qarshi vaksinasi 2021-yilning iyuniga qadar tayyor boʻlishi mumkin

Covaxin koronavirusga qarshi vaksinasining sinovlarini oʻtkazayotgan BharatBiotech hind kompaniyasi 2021-yilning iyuniga qadar u tayyor boʻlishini kutmoqda. Hindistonda uchta koronavirusga qarshi vaksinalar hamon sinovdan oʻtkazilmoqda - BharatBiotech va ZydusCadila kompaniyalari Covaxin va ZycovD yangi ishlab chiqilgan vaksinalarni sinovdan oʻtkazmoqda.

Hindistonning zardob instituti 17 ta tibbiyot markazlarida Oksford universiteti tomonidan ishlab chiqilgan ChAdOx1 koronavirusga qarshi vaksinasini sinovdan oʻtkazishning ikkinchi bosqichini oʻtkazib, uchinchisini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Unda 1,6 ming kishi ishtirok etishi kutilmoqda. COVID-19 ga qarshi vaksinani ishlab chiqishda Hindistonning zardob instituti beshta xalqaro farmatsevtika kompaniyasi, jumladan, AstraZeneca va Novavax bilan hamkorlik qilmoqda.

“Biz zarur maʼqullashni olsak, menimcha 2021-yilning ikkinchi choragi - masalan aprel, may, iyunda biz klinik sinovlarning uchinchi bosqichi samaradorligi haqida maʼlumotni olishimiz kerak, deb oʻylayman. Biz barcha klinik sinovlarni - birinchi, ikkinchi va uchinchi bosqichlarni toʻliq oʻtkazish niyatidamiz, ammo menimcha, hukumat favqulodda holatlarda foydalanishga ruxsat berishni ham koʻrib chiqishi mumkin”, - kompaniyaning ijrochi direktori SaiPrasad soʻzlaridan iqtibos keltiradi IndianExpress nashri.

Mayk Pensning maslahatchisi koronavirus bilan kasallandi

AQSH vitse-prezidenti Mayk Pens apparati rahbari Mark Short koronavirus bilan kasallandi, xabar berdi Axios nashri Oq uy bayonotiga tayanib. Nashr janob Shortni vitse-prezidentning eng yaqin yordamchisi va matbuot bilan hamkorlikda Oq uy maʼmuriyatining muhim arbobi deb ataydi [4].

Janob Pensning COVID-19ga testi salbiy boʻlib chiqdi.

"Bugungi kunda vitse-prezident apparatining rahbari Mark Short, COVID-19 uchun ijobiy sinovdan oʻtdi, u karantinga olindi va u bilan aloqada boʻlganlarni aniqlashga yordam bermoqda. Vitse-prezident Pens va Pens xonim bugun COVID-19ga salbiy test topshirishdi", - deydi nashrga vitse-prezidentning matbuot kotibi Devin OʻMelli. Mark Short kasallik yuqtirgani haqidagi axborotga izoh bermadi.

Oq uy aniqlik kiritishicha, Mayk Pens oʻz ishini avvalgi grafik boʻyicha davom ettiradi va oʻz-oʻzini yakkalashga bormaydi. Endi Prezident Donald Tramp maslahatchisi Oq uyning amaldagi rahbarining saylovoldi kampaniyasi mitinglarida ishtirok etmoqda.

Avvalroq Oq uyda 20 dan ortiq kishi, jumladan Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniya koronavirus bilan kasallangan edi. Janob Trampning kasalligi tufayli AQSH Prezidentligiga nomzodlarning uch raund debatlaridan biri bekor qilindi.

JSST: niqob taqish Markaziy Osiyo mintaqasida 200 000 dan ortiq hayotni saqlab qoladi

Odamlarning toʻplanishining oldini olish, jismoniy masofani saqlash, qoʻllarni toza saqlash, gumon qilingan, ehtimoliy va tasdiqlangan holatlardagi shaxslarni izolyatsiya qilish va ularning aloqalarini karantinga olish kunlik odatga aylanishi kerak, deyishdi tashkilotda.

“Yaqin haftalar ichida Markaziy Osiyo mintaqasida COVID-19 bilan yangi kasallanish holatlari oshishini taxmin qilyapmiz”, - dedi JSSTning Tojikistondagi vakili Baxtigul Karriyeva.

U oʻlim holatlari uchun ham shunga oʻxshash prognoz qildi - ularning soni ham oshadi.

JSST vakili agar odamlar muntazam ravishda muloqotda boʻlishsa va kasallik katta yoshdagilar guruhiga oʻtsa, vaziyat keskin yomonlashishi mumkinligini taʼkidladi.

“Ishonchli epidemiologik modellar yordamida olingan prognozlar optimizmni uygʻotmaydi. Bu modellarga koʻra, cheklovlarning davomli yumshatilishi 2021-yil yanvariga kelib sutkalik oʻlim koʻrsatkichi aprelga qaraganda 4-5-marta yuqori boʻlishi mumkinligiga olib kelishi mumkin”, -deya tushuntirdi mutaxassis.

Uning soʻzlariga koʻra, sanitariya-gigiyena talablarini eʼtiborsiz qoldirmaslik va himoya niqoblarini kiyish muhimdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?