2020-yilgi Butunjahon jurnalistlari Konferensiyasi oʻz ishini boshladi. Unda namanganlik hamkasbimiz ishtirok etmoqda

19:16 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
293 0

Bugun 8-Butunjahon jurnalistlari konferensiyasi (World Journalists Conference-2020) oʻz ishini boshladi.

Dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan 95 nafar xalqaro jurnalistlar ishtirokida boʻlib oʻtayotgan va Koreya jurnalistlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan anjuman bu yil koronavirus pandemiyasi sababli onlayn tarzda boʻlib oʻtmoqda.

Uch kun davom etadigan konferensiyaning birinchi ish kuni mavzusi “Yolgʻon xabarlarga qarshi kurashda dunyo mamlakatlari tajribasi hamda jurnalistikaning kelajagi” boʻldi.

Konferensiya Janubiy Koreya Bosh Vaziri Chon Se Gyunning ishtirokchilarga tabrigi bilan boshlandi. “Bugungi texnologiyalar davrida har kim axborot yaratish imkoniyatiga ega boʻldi. Biroq bunday axborot toʻlqinida jurnalistik qadriyatlar yana-da koʻproq ahamiyat kasb etmoqda,” deb taʼkidladi oʻz soʻzida Chon Se Gyun.

Turli mamlakat vakillarining yolgʻon xabarlarga qarshi kurashda oʻz tajribalari haqidagi chiqishlari hamda bunday jarayonga qarshi kurashish borasidagi fikrlari keng munozaralar bilan davom etdi. Xususan, yolgʻon xabar tarqatuvchi manbalarga qarshi kurashish uchun ishonchi axborot tarqatuvchi oʻta yirik axborot agentliklari tashkil etish lozimligini taʼkidlagan Osiyo Jurnalistlari assotsiatsiyasi prezidenti misrlik Ashraf Dali, “Matbuot adolatli, haqqoniy va ishonchli boʻlsa, oʻquvchi unga teskari xabar tarqatgan manbalarga oʻz oʻzidan ishonmaydi” deb qayd etdi.

Hindistonlik jurnalist Sabina Inderjit esa oʻz soʻzini “Jurnalistika fakt demoqdir, unda yolgʻon xabarga oʻrin yoʻq” deb boshlab, haqiqiy jurnalistika hamda ishonchli OAVlar yetarli ish olib bormagan joyda yolgʻon xabar urchishini taʼkidladi.

Konferensiya ertaga, 15-sentyabr kuni oʻz ishini davom ettiradi. Ikkinchi kun mavzusi “Koronavirusga qarshi kurash hamda uning tarqalishini oldini olishda dunyo tajribasi” boʻlib, konferensiya ishida ishtirok etayotgan oʻzbekistonlik yagona jurnalist, namanganlik Dilmurod JumaboyevOʻzbekistonda koronavirus tarqalish holatini oldini olish hamda pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilish va iqtisodiyotni tiklash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼruza qiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?