2020-yildan Yoshlar ittifoqi tizimidagi bir qator tashkilotlar yopilishi mumkin

09:45 31 Avgust 2019 Jamiyat
87 0

Yaqinda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bosh prokuratura hamda Yoshlar ittifoqi mutasaddilari ishtirokida “Yoshlarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtayi nazarni shakllantirish” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Maʼlum qilinishicha, Yoshlar ittifoqi Bosh prokuratura akademiyasi bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashishda yoshlarning faolligini oshirish, yosh davlat xizmatchilari hamda yosh rahbarlar oʻrtasida korrupsion muhitlarni barvaqt profilaktika qilish maqsadida “Korrupsiyasiz soha” nomli Yoshlar laboratoriyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Jurnalistlar Ittifoq tasarrufidagi koʻp tashkilotlarda shtat qisqarishlari amalga oshirilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga qanchalik yaqin ekanini soʻradi.

“Oʻtgan vaqt davomida oʻzlariga yuklatilgan vazifani bajara olmagan bir qator tashkilotlarimizni optimizatsiya qilish, tizimda mafkuraviy jihatdan oʻziga oʻxshagan tashkilotlar bilan birlashtirib yuborish va shu orqali byudjet mablagʻlarini tejash — mantiqan toʻgʻri deb hisoblaymiz, — dedi YOI matbuot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov. — Yil yakuniga qadar oʻrganish ishlari yakunlanadi. 2020-yildan boshlab Yoshlar ittifoqi tizimidagi bir qator tashkilotlar yopilishi ehtimoli bor. Chunki oʻziga yuklatilgan vazifani bajara olmayotgan tashkilotni saqlab oʻtirishga hojat yoʻq”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?