2020-yildan Oʻzbekistonda noyob dori-darmonlar tayyorlash uchun timus ishlab chiqariladi. U tugʻilmagan Qorakoʻl qoʻzisidan olinadi

11:06 28 Avgust 2019 Jamiyat
109 0

Maʼlumki, davlat rahbari tomonidan “Qorakoʻlchilik sohasini jadal rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur huquqiy hujjatgga muvofiq, 2020-yildan boshlab Oʻzbekistonda noyob dori vositalarini tayyorlash uchun 220 kilogramm timus ishlab chiqariladi, deb yozadi Nuz.uz.

Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi bilan birgalikda qorakoʻlchilik xom ashyolari asosida yaratiladigan noyob dori vositalari – immunitetni tiklovchi “Timoptin inyeksiyasi” va kamqonlikda qoʻllaniladigan “Eritim”preparatlarini ishlab chiqarishni 10 baravargacha oshirish choralarini koʻrishi va ushbu maqsad uchun talab etiladigan mablagʻlar ajratilishini taʼminlashi belgilangan.

Rasmiy baholashlarga koʻra, Buxoro, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridagi 12 ta timus ishlab chiqaruvchi tibbiyot uchun xom ashyo ishlab chiqarishni 2021-yilda 266 kilogramm, 2022-yilda 316 kilogrammgacha koʻpaytiradi.

Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, timus hali tugʻilmagan Qorakoʻl qoʻzilarining immunitetiga javob beruvchi ayrisimon bezi hisoblanadi.

Qarorda, shuningdek, 2019-2023-yillarda qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorakoʻl terisi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 50 ming soʻmdan va har bir dona qorakoʻlcha terisi uchun 75 ming soʻmdan subsidiyalar ajratilishi koʻrsatib oʻtilgan.

Oʻzbekiston 2020-yilgacha 22 ming ta, 2021-yilda 26600 ta, 2022-yilgacha 31600 ta qorakoʻl terisini eksport qilishi kutilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?