2020 yilda Toshkentda zamonaviy va innovatsion tibbiyot markazi faoliyat boshlaydi

15:49 15 Noyabr 2018 Jamiyat
246 0

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Tibbiyotning koʻplab yoʻnalishlari qator, pediatriya sohasining jadallik bilan rivojlanishi koʻrsatilayotgan xizmat sifati va samaradorligini oshirishda keng istiqbollarni ochmoqda. Jumladan, shu kunlarda poytaxtimizda zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari asosida barpo etilayotgan Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazining qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda. Ushbu majmua 2020 yilda foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan. Mamlakatimiz bilan Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) bilan birgalikda bunyod etilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 130,58 million dollarni tashkil etadi.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Ayni paytda tibbiyot markazining qurilishi va jihozlanishi bilan bir qatorda, markazda ishlaydigan kadrlar malakasini oshirish boʻyicha ham qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining Yangsan Pusan Milliy universiteti oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasiga muvofiq, 100 nafar mutaxassislarimiz ushbu universitetda malaka oshirishi rejalashtirilgan, deyiladi Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabarida.

Nomzodlar malaka-mahorati, xorijiy tillarni bilishi, jahon tibbiyotining eng ilgʻor yangiliklarini oʻzlashtirish salohiyatiga qarab tanlov asosida saralab olinyapti. Ana shunday malakali shifokorlardan dastlabki 19 nafari saralash jarayonidan muvaffaqiyatli oʻtib, bir yil mobaynida Yangsan Pusan Milliy universitetida tahsil oladigan boʻldi.

Safar oldidan ushbu mutaxassislar bilan Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov uchrashib, ularga bir yillik tahsilni muvaffaqiyatli yakunlab, el-yurtimizga munosib xizmat qiladigan malakali kadrlar boʻlib yetishishlarida omad va muvaffaqiyat tiladi. Oʻz navbatida, yoshlar ham vaqtning har lahzasidan oqilona foydalanishga, oʻzlariga bildirilgan ishonchni oqlab, tibbiyotimizning ertangi taraqqiyotiga munosib ulush qoʻshishga vaʼda berdilar.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Taʼkidlash joizki, bunyod etilayotgan mazkur markaz loyihasi Koreya Respublikasi va jahon tibbiyotining noyob andozalari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, binoning qurilish, xavfsizlik tizimi, isitish, sovitish tarmoqlari jahon standartlari talablariga toʻla javob beradi. Yangi tibbiyot muassasasi 280 oʻringa ega boʻlib, klinikada kuniga 250 bemorni qabul qilish va yiliga 1500 dan koʻproq murakkab va noyob operatsiya oʻtkazish imkoniyati yaratiladi.

Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi 381 nomdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan, angiograf, kompyuter tamograf, yuqori texnologiyali raqamli rentgen va flyuoroskopik tizimi, mobil rentgen apparati, siklotron kabi eng soʻnggi innovatsion tibbiy jihozlar oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?