“2020-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi

13:39 30 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
249 0

Oliy Majlis Senati yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida Bosh vazir oʻrinbosari, moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov 2020-yilda soliq islohotlarini davom ettirish bilan birga byudjet siyosatida ham jiddiy oʻzgarishlar nazarda tutilayotganini qayd etdi.

Davlat korxonalari uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizdan 12 foizgacha kamaytiriladi. Bundan koʻzlangan maqsad – teng raqobat muhitini yaratishdir.

2020-yildan boshlab foyda soligʻi stavkasi 12 foizdan 15 foizgacha oshiriladi. Buning sababi – bir tomondan, davlat byudjeti yoʻqotishlarini qisman qoplash boʻlsa, ikkinchi tomondan esa ishlovchilarga ish haqini foyda orqali berilishining oldini olishdir.

2020-yilda yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq 2 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 12 foiz, kichik korxonalar tovar aylanmasidan undiriladigan soliq esa 4 foiz miqdorida saqlanib qolinadi.

Byudjet-soliq siyosati boʻyicha taklif etilayotgan oʻzgarishlarni inobatga olgan holda 2020-yil uchun Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 2020-yilda 159 trln. soʻm yoki YAIMga nisbatan 24,3 foiz darajasida (2019-yilda – 146,7 trln. soʻm yoki YAIMga nisbatan 28 foiz) prognoz qilinmoqda.

2020-yil uchun Davlat byudjetining jami xarajatlari 131,1 trln. soʻm miqdorida prognoz qilinmoqda.

Taʼkidlash joizki, davlat byudjeti xarajatlarining 53 foizini yoki 69,7 trln. soʻm ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar tashkil etadi (Aksariyat davlatlarda bu koʻrsatkich 35-40 foiz).

Investitsiya dasturi asosida ijtimoiy soha obyektlariga qilinadigan kapital xarajatlarni (5,7 trln. soʻm) hisobga olgan holda ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablagʻlar ulushi 55 foizga yetadi va oʻtgan yilga nisbatan 24,2 foizga oʻsadi.

“2020-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida Davlat byudjeti daromadlari 128 trln. 460 mlrd. soʻm, xarajatlari esa 131 trln. 104 mlrd. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foiz miqdorida taqchillik bilan prognoz qilinmoqda.

Majlisda “2020-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilinishi jarayonida bunday hujjat ilk bor ishlab chiqilgani qayd qilib oʻtildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?