2020-yil 6 oyida sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,2 foizi fosh etilgan — Ichki ishlar vaziri

17:18 07 Avgust 2020 Jamiyat
485 0

Foto: senat.uz

Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlis kun tartibi doirasida Ichki ishlar vazirining Oʻzbekiston Respublikasi hududida 2020-yil 6 oyi yakuni boʻyicha jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 20 497 tasi yoki 95,2 foizi fosh etilgan. Tergov organlari qidiruvida boʻlgan 1 051 nafar shaxs ushlangan va 261 nafar bedarak yoʻqolganlar topilgan.

Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan 4 158 ta jinoyat aniqlangan. Respublikadagi jami 9 145 ta mahallaning 66,3 foizida yoki 6 061 tasida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan oʻrganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Xususan, joriy yilning 6 oyida respublika miqyosida 21 535 ta jinoyatlar qayd etilgan boʻlib, 100 ming aholiga nisbatan oʻrtacha 63,3 tadan toʻgʻri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning oʻz vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2020-yilning 6 oyi davomida qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi (71 tasi, 35%), ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 76 tasi (20,5%) oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga oʻz vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 5 940 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati yaʼni 52,6 foizi (3 123 tasi) Toshkent, Buxoro, Navoiy va Fargʻona viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Xususan, oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 2 776 nafariga “himoya orderi” berilgan.

Yoshlar bilan ishlashda hanuz koʻplab muammolar saqlanib qolayotganligi, ularni bartaraf etishga yetarli darajada eʼtibor qaratilmaganligi oqibatida joriy yilning 6 oyida respublikada qayd etilgan har toʻrtinchi jinoyat (4 988 ta yoki 23,2%) yoshlar tomonidan sodir etilgan boʻlsa, shundan 1315 tasi yoki 6 foizi ish bilan band boʻlmagan yoshlar tomonidan sodir tilgan.

Bundan tashqari, 3 mingdan ortiq (3 198 nafar) ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi joylarda aholini ish bilan taʼminlash masalalari samarali hal etilmayotganini koʻrsatadi.

Respublika boʻyicha umumiy yoʻl-transport hodisalari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan (2 564/2 388) boʻlsa-da, yoʻllarda harakatlanish uchun xavfsiz sharoit yetarli darajada tashkil qilinmaganligi oqibatida 730 nafar shaxs vafot etgan. 2 297 nafari esa turli darajada tan jarohati olgan.

Shu bilan birga, deyarli har ikkinchi (2 388 tadan 1 017 tasi) yoʻl-transport hodisalari belgilangan harakatlanish tezligini oshirish oqibatida sodir etilganligi joylarda foto-video qayd etish moslamalaridan foydalanish ishlarini yana-da jadallashtirish lozimligini koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan bevosita joylarga chiqib oʻtkazilgan oʻrganishlarida tizimda muammo va kamchiliklar uchrayotgani aniqlandi. Xususan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida profilaktika inspektorining har oylik hisobotini eshitish nomigagina oʻtkazilib, ayrim hollarda esa, umuman oʻtkazilmasdan qolgan.

Aksariyat holatlarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida ham tegishli tuman va shahar ichki ishlar boʻlimlari hisobotlarini eshitish jarayonida mazkur tuzilmalar rahbar xodimlarining ishtiroki toʻliq taʼminlanmagan.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ijobiy ishlarga qaramasdan xodimlarining 3027 nafari xizmat intizomini buzish holatiga yoʻl qoʻygan boʻlsa, 52 nafar xodimlar esa jinoyatga qoʻl urgan.

Masalan, joriy yilda Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida xodimlar tomonidan sodir etilgan qonunbuzilish holatlari aholi orasida keng muhokamalarga sabab boʻlib, ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrning shakllanishiga sabab boʻladi.

Senatorlar tomonidan notinch oilalardagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish hamda ularni ijtimoiy-maʼnaviy tomondan qoʻllab-quvvatlash borasida idoralararo ishchi guruh tuzish, qolaversa, oilaviy ajrimlarga sabab boʻlayotgan ota-onalarning masʼuliyatini belgilash boʻyicha amaldagi qonunchilikka oʻzgartish kiritish boʻyicha taklif ishlab chiqish kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, hududlarda “Jamoatchilik nazorati maskanlari” va “Fidokor yoshlar” tuzilmalari aʼzolari va profilaktika inspektori yordamchilarining xizmat faoliyatini hamkorlikda tizimli tashkil etish, “jinoyat kamayishiga erishilmagan” mahallalarda manzilli uyma-uy yurib, profilaktik hisobda turgan shaxslar, notinch oilalar va uyushmagan yoshlar bilan profilaktik ishlar tizimli olib borilishi shartligi taʼkidlandi.

Majlisda koʻrib chiqilgan ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?