2020-yil 1-yanvardan dorixonalarda videokameralar oʻrnatiladi

13:38 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
35 0

Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Inson salomatligini muhofazalashda zamonaviy tibbiy yordam bilan bir qatorda, aholi va tibbiyot muassasalarini sifatli dori-darmon bilan taʼminlash muhim omil hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda oʻn ikki yarim mingga yaqin dorixonalar aholiga bu yoʻnalishda xizmat koʻrsatmoqda. Ushbu dorixonalarning qariyb yigirma foizi ijtimoiy dorixonalardir.

Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrda qabul qilingan “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori aholi salomatligini asrash va dori-darmon taʼminotini yanada yaxshilashda muhim qadam boʻldi.

Mazkur qarorda dori vositalari noqonuniy savdosining oldini olish, shifokor retsepti boʻyicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan dori vositalarining chakana savdosini tartibga solish, dorixonalarning faoliyatini yanda takomillashtirish boʻyicha muhim vazifalar belgilangan.

Xususan, 2020-yil 1-yanvardan boshlab qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallaridan tashqari barcha dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash tartibi joriy etiladi. Bu mexanizm qatʼiy ishlashi uchun yangicha tartib dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishdagi litsenziya talabi etib belgilandi.

Agar dorixonalarda mazkur talab muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilsa, bu holat litsenziyaning amal qilishini oʻrnatilgan tartibda tugatish uchun asos boʻladi.

Ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar, agentliklar, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda qonunchiligimizga kiritilgan mazkur yangi-tartib tamoyillarni aholi va tegishli soha xodimlari orasida muntazam targʻib etish, dori vositalari, shu jumladan, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini shifokor retseptisiz isteʼmol qilishning salbiy oqibatlari va umuman sogʻlom turmush tarzi yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida maxsus media-reja ishlab chiqilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?