2020-yil 1-oktyabrga qadar kredit toʻlovlarini qaytarishda imtiyozli davr beriladi 

20:42 25 Mart 2020 Iqtisodiyot
342 0

Illyustrativ surat

Koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida qarzdorlarning kredit toʻlovlari bilan bogʻliq riskini yumshatish boʻyicha qoʻshimcha choralar yuzasidan Markaziy bank axboroti

Koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida qarzdorlarning kredit toʻlovlari bilan bogʻliq risklarni yumshatish maqsadida Markaziy bank tomonidan barcha kredit tashkilotlariga:

✔️joriy qilingan karantin rejimi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan qarzdor – jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning murojaatlariga asosan, 2020-yil 1-oktyabrga qadar kredit toʻlovlarini qaytarishda imtiyozli davr berish va mos ravishda yakuniy toʻlovlar muddatlarini uzaytirish;

✔️muddati oʻtgan qarzdorliklarni kechiktirilishida jarima sanksiyalarini qoʻllamaslik hamda undiruvni kredit taʼminotiga qaratmaslik tavsiya etildi.

Shuningdek, kredit tashkilotlariga yuqoridagi tavsiyalarga asosan shartlari qayta koʻrib chiqilgan kreditlar sifatining tasnifini oʻzgartirmaslik huquqi berildi. 

Oʻz navbatida, joriy etilgan karantin holatidan kelib chiqib, masofalanishni taʼminlash maqsadida kredit tashkilotlariga qisqa muddat ichida kredit toʻlovlarini kechiktirish masalalari boʻyicha murojaatlarni masofaviy tarzda koʻrib chiqish tizimini yaratish choralarini koʻrish tavsiya etiladi.

Shu bilan birga, joriy etilayotgan imtiyozlardan oqilona foydalanib, mijozlar tomonidan haqiqatda moliyaviy ahvoli yomonlashgan holatda kredit tashkilotlariga murojaat qilishlari maqsadga muvofiq ekanligini bildiramiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?