2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi? (3-qism)

05:35 09 Yanvar 2019 Jamiyat
2611 0

Архив фото

Yangi soliq konsepsiyasining eng asosiy gʻoyasi soliq yukini kamaytirish, sodda va barqaror soliq tizimini qoʻllashdan iboratdir.

Biroq yaqinda odamlar orasida narx-navo keskin koʻtarilib ketgani haqida gap-soʻzlar tarqaldi. Hatto ayrim savdo doʻkonlarida mahsulot narxiga 20 foizlik ustama qoʻyilayotgani toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar berildi. Xoʻsh, bu gap-soʻzlar qanchalik asosli va ular soliq tizimidagi yangilanishlarga bogʻliqmi?

“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari hamda ularning internetdagi onlayn nashri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Behzod Musayev bilan muloqot uyushtirib, Soliq konsepsiyasining ahamiyati, bu boʻyicha paydo boʻlayotgan masalalarga oydinlik kiritdi.

Quyida yurtdoshlarimiz tomonidan bizga ijtimoiy tarmoqlar orqali yoʻllangan savollarga berilgan batafsil javoblar bilan tanishishingiz mumkin.

Savol: Eshitishimcha, YATTlarga oʻzlarining hovlilarida mehmon uylari ochib, xizmat koʻrsatishiga ruxsat berilibdi. Mazkur xizmat turi qay tarzda soliqqa tortiladi? Bankda hisob raqami ham ochishadimi? Oila aʼzolari uchun ham alohida qatʼiy soliq toʻlashadimi? Shular haqida toʻliq maʼlumot bersangiz?

 

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi 631-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Nizomga muvofiq, oilaviy mehmon uyi — mazkur mehmon uyida uy egasining oila aʼzolari bilan birga yashash tamoyiliga koʻra bir vaqtning oʻzida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi, shuningdek, har bir yashovchi shaxsga 3 m2 hisobidan toʻgʻri keladigan turarjoy maydoniga ega boʻlgan xususiy uy-joy hisoblanadi.

Oilaviy mehmon uylari xizmatlari oilaviy mehmon uyi tashkil etish uchun yaroqli turarjoy binosiga ega boʻlgan hamda unda yashovchi xususiy tadbirkorlar yoki oilaviy tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻrsatiladi.

Oilaviy mehmon uylari xizmatlarini amalga oshiruvchi xususiy tadbirkorlar yoki oilaviy tadbirkorlik subyektlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan, kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻmdan oshmaganda qatʼiy belgilangan soliq:

  • Toshkent shahrida 350 ming soʻm;
  • Nukus shahri va viloyat markazlaridagi shaharlarda 200 ming soʻm;
  • boshqa shaharlarda 100 ming soʻm;
  • boshqa aholi punktlarida 50 ming soʻm toʻlanadi.

Shuningdek, kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumidan:

  • 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmdan oshmaganda, 4 foiz stavkada yagona soliq toʻlovi;
  • bir milliard soʻmdan oshganda, yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanadi.

Oilaviy tadbirkorlik subyekti nomidan ish yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkor har oyda eng kam ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlaydi.

Mehmon uyi ochgan yakka tartibdagi tadbirkorning oila aʼzolari qatʼiy belgilangan soliq toʻlovidan qonunchilikka asosan ozod etilgan boʻlib, faqatgina Soliq kodeksining 311-moddasiga binoan oilaning har bitta aʼzosi uchun eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida yagona ijtimoiy toʻlov toʻlanadi.

 

Savol: Men kompyuter xizmatlarini koʻrsatish uchun 2018 fevral oyida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtganman. Shu kungacha 3 minimal ish haqi miqdorida toʻlovlarni toʻlardim. Endi 2019 yil 1 yanvardan eʼtiboran qancha soliq toʻlayman? Avvalgidek 3 eng kam ish haqining 3 baravari miqdoridami yoki qandaydir foiz hisobidami? Agar foiz hisobida boʻlsa necha foiz toʻlashim kerak? Agar eng kam ish haqining 3 barobari miqdorida boʻlsa, 202 ming 800 soʻmdan kelib chiqib toʻlaymanmi?

 

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yilgi byudjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi PQ-4086-sonli qaroriga asosan, tovarni realizatsiya qilishdan tushgan tushum 100 million soʻmgacha boʻlganda, qatʼiy belgilangan soliq toʻlanadi.

Bunda “Kompyuter dasturlarini ishlab chiqish xizmatlari, kompyuter oʻyinlarini tashkil etish, shuningdek, kompyuter yordamida matnlarni terish va bosib chiqarish xizmatlari, matndan nusxa olish va koʻpaytirish bilan bogʻliq xizmatlar” faoliyat turi boʻyicha har oyda:

  • Toshkent shahrida 300 ming soʻm;
  • Nukus shahri va viloyat markazlarida 200 ming soʻm;
  • boshqa shaharlarda 100 ming soʻm;
  • boshqa aholi punktlarida 50 ming soʻm qatʼiy soliq toʻlovi toʻlanadi.

Kalendar yilida tovarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumi 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir millliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq toʻlovini tovarni realizatsiya qilish (ishlar va xizmatlar koʻrsatish)dan tushgan tushumdan 4 foiz stavkada toʻlaydi.

Kalendar yilida tovarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumi bir milliard soʻmdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda toʻlaydi.

 

 

Savol: Sanʼatkorlar uchun yagona ijtimoiy toʻlovni toʻlashni tabaqalashtirish zarur. Axir ular daromad soligʻidan ozod etilgan-ku. Yagona ijtimoiy toʻlov degani qanday soliq turi oʻzi?

 

Javob: Soliq kodeksining 311-moddasiga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan oyiga eng kam ish haqidan kam boʻlmagan miqdordagi yagona ijtimoiy toʻlov soliq toʻlovchining kalendar oyida ishlagan kunlari sonidan qatʼi nazar, majburiy tartibda toʻlanadi. Belgilangan miqdordagi yagona ijtimoiy toʻlovning toʻlanishi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 fevraldagi 46-sonli qaroriga asosan, mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.

Yagona ijtimoiy toʻlov — 2019 yil 1 yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari oʻrniga joriy etildi.

 

Savol: Yakka tartibdagi tadbirkorlarning sement savdosi bilan shugʻullanishi nima sababdan cheklangan?

Javob: Ayrim faoliyat turlari boʻyicha, yaʼni qurilish materiallari, sement, shifer, yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchilarning ish hajmi ogʻirligi, mahsulotlarni transport vositalariga yuklash, tashish, tushirish, qadoqlash, qoʻriqlash, yirik uskunalardan foydalanish, sanoat usulida amalga oshirilishini bir nafar yollanma ishchi bilan bajara olmayotganliklari sababli, qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha xodimlarni yollab norasmiy ishlatish kabi holatlar aniqlanmoqda. Natijada ulardagi norasmiy yollangan xodimlarning mehnat muhofazasi va mehnat xavfsizligi taʼminlanmasdan, mehnat stajlari yuritilmasligiga hamda kelgusida asoslangan pensiya toʻlovi kafolatlanmasdan qolishiga sabab boʻlgan.

Shundan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 850-sonli qaroriga asosan, xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga oʻzgartirish kiritilib, qurilish materiallari, sement, shifer, yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanish faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi? (1-qism)

2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi? (2-qism)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?