2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi? (2-qism)

03:41 09 Yanvar 2019 Jamiyat
1083 0

Yangi soliq konsepsiyasining eng asosiy gʻoyasi soliq yukini kamaytirish, sodda va barqaror soliq tizimini qoʻllashdan iboratdir.

Biroq yaqinda odamlar orasida narx-navo keskin koʻtarilib ketgani haqida gap-soʻzlar tarqaldi. Hatto ayrim savdo doʻkonlarida mahsulot narxiga 20 foizlik ustama qoʻyilayotgani toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar berildi. Xoʻsh, bu gap-soʻzlar qanchalik asosli va ular soliq tizimidagi yangilanishlarga bogʻliqmi?

 

“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari hamda ularning internetdagi onlayn nashri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Behzod Musayev bilan muloqot uyushtirib, Soliq konsepsiyasining ahamiyati, bu boʻyicha paydo boʻlayotgan masalalarga oydinlik kiritdi.

Quyida yurtdoshlarimiz tomonidan bizga ijtimoiy tarmoqlar orqali yoʻllangan savollarga berilgan batafsil javoblar bilan tanishishingiz mumkin.

Savol: Bizning firma balansida bitta doʻkon va qurilishi tugallanmagan bino bor. Ikkovidan ham mol-mulk soligʻi toʻlanadimi?

Nargiza Adhamova.

Javob: Soliq kodeksining 267-moddasiga muvofiq, firma balansidagi doʻkonning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatidan mol-mulk soligʻi hisoblanishi lozim. Shuningdek, Soliq kodeksining 2691-moddasiga asosan, normativ muddatlarda oʻrnatilmagan jihozlar va normativ muddatda tugallanmagan qurilish obyektlariga mol-mulk soligʻi ikki karra oshirilgan stavkada toʻlanadi.


Savol: Qishloq xoʻjaligi maxsulotlari ishlab chiqaruvchi MCHJ yagona yer soligʻinigina toʻlab kelayotgan edi. 2018 yilda oboroti 1 mlrd. soʻmdan oshgan. Endi QQSga oʻtishga majburmi?

Bekzod Yoʻldoshev.

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qarorining 13-bandiga muvofiq, 2019 yilda yagona yer soligʻi toʻlovchilar uchun soliqqa tortishning amaldagi tartibi saqlab qolindi.


Savol: 2019 yilda tomorqa egalari uchun qanday soliq stavkasi koʻzda tutilmoqda?

Toʻlanboy Tursunov.

Namangan viloyati

Javob: Tomorqa yerlar uchun soliq summasi tomorqa yer joylashgan joyiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan, 2019 yilda tomorqa yer uchun soliq stavkasi oʻtgan yildagiga nisbatan 1,2 koeffitsiyent oshirilgan.

Masalan, 2019 yilda jismoniy shaxslar uchun ajratilgan yerning 1 kvadrat metri uchun Namangan shahrida 225 soʻm, Namangan viloyatining boshqa shaharlarida 133,6 soʻm, Namangan viloyatining tuman markazlarida 116 soʻm, Namangan viloyatining qishloq joylarida: aholi punktlarida 75 soʻm, aholi yashamaydigan punktlarida 37,5 soʻm, lalmi joylarda 7,4 soʻm va jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi hamda polizchiligini yuritish maqsadida berilgan yerlar uchun 28,8 soʻm toʻlanishi lozim.


Savol: Bizning korxonamiz yagona yer soligʻi toʻlovchisi hisoblanadi. Korxona balansidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan bogʻliq boʻlmagan koʻchmas mulklar boshqa yuridik shaxslarga ijaraga berilgan. Ushbu mulklarga nisbatan mol-mulk soligʻi hisoblanadimi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi PF-5468-sonli Farmoniga muvofiq, yagona yer soligʻi toʻlovchilari uchun amaldagi soliq solish tartibi saqlab qolingan.

Shunga koʻra, yagona yer soligʻi toʻlovchisiga mazkur holatda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi hisoblanmaydi.


Savol: Dorixonalar qoʻshilgan qiymat soligʻi va suv soligʻi toʻlaydimi?

Gʻayrat Rahimov.

Shoʻrchi tumani

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 208-moddasi 13-bandiga asosan, tibbiy xizmatlar (kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) hamda veterinariya xizmatlari, dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun moʻljallangan buyumlar, shu jumladan, ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinayotgan shunday vositalar hamda buyumlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilgan.

Soliq kodeksining 257-moddasiga asosan, agar korxonangiz suvdan foydalansa, ishlatilgan suv hajmidan kelib chiqqan holda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovchisi hisoblanadi.

 

2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi? (1-qism)

2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi? (3-qism)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?


Ko‘p o‘qilganlar

Afisha

Matyoqub Matchonov: “Oltindek qimmatli, Humo qushi singari sarbaland...”

Xoʻsh, bu qanday anjuman oʻzi? Uni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad nima? Kelgusida mazkur kinotaqdimot kino olami va olam kinosi ichra oʻz oʻrnini topib keta oladimi yoki salaflari kabi yoʻqlikka yuz tutadimi (zakiy oʻquvchi nima demoqchi ekanimizni tushunganiga shubha yoʻq, albatta)?

23 Yanvar 2019