2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi?

02:29 09 Yanvar 2019 Jamiyat
4194 0

Yangi soliq konsepsiyasining eng asosiy gʻoyasi soliq yukini kamaytirish, sodda va barqaror soliq tizimini qoʻllashdan iboratdir.

Biroq yaqinda odamlar orasida narx-navo keskin koʻtarilib ketgani haqida gap-soʻzlar tarqaldi. Hatto ayrim savdo doʻkonlarida mahsulot narxiga 20 foizlik ustama qoʻyilayotgani toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar berildi. Xoʻsh, bu gap-soʻzlar qanchalik asosli va ular soliq tizimidagi yangilanishlarga bogʻliqmi?

 

“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari hamda ularning internetdagi onlayn nashri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Behzod Musayev bilan muloqot uyushtirib, Soliq konsepsiyasining ahamiyati, bu boʻyicha paydo boʻlayotgan masalalarga oydinlik kiritdi.

Quyida yurtdoshlarimiz tomonidan bizga ijtimoiy tarmoqlar orqali yoʻllangan savollarga berilgan batafsil javoblar bilan tanishishingiz mumkin.

Savol: Yangi soliq kodeksida hayot sugʻurtasiga oʻtkazilgan yoki yosh oilalar uchun olingan ipoteka kreditini soʻndirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar daromad soligʻiga tortiladimi?

Bahrom Burhoniddinov.

Javob: Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yil 24 dekabrdagi OʻRQ-508-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksining bir qator moddalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishiga qaramasdan, jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari keltirilgan 179-moddaga oʻzgartirishlar kiritilmadi. 2018 yilda amalda boʻlgan barcha imtiyolar oʻz kuchida qoldi. Jumladan, hayotni uzoq muddatli sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta mukofotlari toʻloviga, yosh oila aʼzolari tomonidan yakka tartibda uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun olingan ipoteka kreditlari va foizlarni qoplashga yoʻnaltiriladigan daromadlarga nisbatan soliq imtiyozi saqlab qolindi. Yaʼni mazkur daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortilmaydi.

Misol uchun, agar xodimga 2019 yilning fevral oyida 2 million 500 ming soʻm ish haqi hisoblansa-yu, undan 1 million soʻmi hayotni uzoq muddatli sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta mukofotlari toʻloviga hamda 500 ming soʻmi yosh oila aʼzolari tomonidan yakka tartibda uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olishga yoʻnaltirilsa, faqat 1 million 500 ming soʻmdan (2500-1000) 12 foizli stavka boʻyicha 180 ming soʻm daromad soligʻi ushlab qolinadi.

 

Savol: Maʼlumki, jamgʻarib boriladigan pensiya badallari daromad soligʻi hisobidan oʻtkaziladi. Lekin sanʼatkorlar daromad soligʻidan ozod etilgan. Bunday holatda ular pensiya jamgʻarmasiga toʻlov toʻlaydimi?

Gulhayo Toʻlaganova.

Javob: Soliq kodeksining 390-moddasiga muvofiq, sanʼatkorlar oyiga eng kam ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda yagona ijtimoiy toʻlov toʻlaydilar.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, fuqarolar jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etishlari mumkin.

Savol: Farzandlarimiz oliy oʻquv yurtida oʻqiydi. Har yili ish haqimizning kontrakt toʻloviga oʻtkazilgan qismidan soliq olinmasdi. 2019 yilda ham bu imtiyoz saqlab qolinadimi?

M. Usmonova.

Javob: Soliq kodeksining 179-moddasi bilan belgilangan fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish uchun (oʻzining oʻqishi yoki yigirma olti yoshga toʻlmagan farzandlarining oʻqishi uchun) yoʻnaltiriladigan summalariga nisbatan imtiyoz saqlab qolindi.

Yaʼni ushbu maqsad uchun ish haqingizdan yoʻnaltirilgan mablagʻlardan faoliyat koʻrsatayotgan ish joyingizga tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsangiz jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi ushlab qolinmaydi.

Bundan tashqari, oʻzingiz tomoningizdan toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlangan mablagʻlar boʻyicha (naqd pulda yoki plastik karta orqali) soliq chegirmasini ixtiriy ravishda deklaratsiya taqdim etgan holda qaytarib olishingiz mumkin.

Misol uchun, agar sizga 2019 yilning fevral oyida 2 million soʻm ish haqi hisoblansa va 1 million soʻm oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish uchun yoʻnaltirilsa, faqat 1 million soʻmdan (2000-1000) 12 foizli stavka boʻyicha 120 ming soʻm daromad soligʻi toʻlaysiz xolos.

Savol: Oʻzgarishlardan keyin tijorat banklari uchun foyda soligʻi necha foiz qilib belgilandi?

Sherzod Safarov.

Javob: 2019 yil 1 yanvardan boshlab Soliq kodeksining 1591-moddasiga asosan tijorat banklari uchun foyda soligʻi stavkasi 20 foiz miqdorida belgilandi.

2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi? (2-qism)

2019 yilda soliq tizimida nimalar oʻzgaradi? (3-qism)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?