2019 yilda Oʻzbekistonda internet tezligi oshadimi?

12:28 08 Yanvar 2019 Jamiyat
588 0

Illyustrativ foto

2019 yilda Oʻzbekistonda internet tezligi oshadimi? Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Olimjon Umarov OʻzAga ma'lum qildi.

– 2019 yilda Oʻzbekistonda internet tezligini oshirish bilan bogʻliq qanday chora-tadbirlar koʻriladi?

– BMTning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi maxsus vakolatli organi hisoblangan Xalqaro elektroaloqa ittifoqiga (XEI) bugungi kunda 193 davlat hamda 700 dan ortiq kompaniya aʼzo hisoblanadi. Oʻz navbatida, XEI BMT qoshidagi AKT sohasidagi statistik maʼlumotlarning rasmiy manbasi hamdir. XEI har yili statistik maʼlumotlarga tayangan holda AKT rivojlanish indeksi reytingini eʼlon qilib boradi. XEIning 2017 yildagi hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston 176 ta davlat orasida 95-oʻrinni egallagan va 2016 yildagi oʻz natijasini 8 pogʻonaga yaxshilagan hamda AKT sohasi eng jadal rivojlanayotgan davlat sifatida maxsus mukofot bilan taqdirlangan.

Shu bilan bir qatorda, oldimizda turgan bir qancha masalalar mavjud. Jumladan, 2016 yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda 100 kishiga toʻgʻri keladigan simli keng polosali tarmoq foydalanuvchilari soni 9,1 tani tashkil etsa, bu koʻrsatkich MDH boʻyicha oʻrtacha 15,8 tani, dunyo boʻyicha 12,4 tani tashkil etgan. Har bir internet foydalanuvchisiga toʻgʻri keladigan ulanish tezligi 5,7 kbit/sekund boʻlsa, MDH boʻyicha oʻrtacha 59 kbit/sekund, dunyo boʻyicha esa oʻrtacha 74,5 kbit/sekundni tashkil etgan.

Oʻtgan ikki yil ichida “Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va maʼlumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish” loyihasi doirasida Xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) kompleksi modernizatsiya qilindi va mazkur kompleksning umumiy oʻtkazuvchanlik qobiliyati 10 barobarga oshirilib, 80 Gbit/cekunddan 1 200 Gbit/cekundga yetkazildi. Jami 4 500 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari va 6 000 dan ziyod mobil aloqa baza stansiyalari qurildi, simlik keng polosali tarmoq sigʻimi 283 000 portga kengaytirildi, operator va provayderlar uchun tashqi internet narxi 91 AQSH dollaridan 10 AQSH dollarigacha pasaytirildi.

Mazkur tadbirlar nafaqat telekommunikatsiya infratuzilmasi kengayishi, xizmatlar sifati yaxshilanishi, balki Oʻzbekistonning reyting koʻrsatkichlari yaxshilanishiga ham xizmat qiladi. XEIning navbatdagi hisoboti 2019 yilda eʼlon qilinadi.

Vazirlik tomonidan telekommunikatsiya xizmatlari tezligi va sifatini oshirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan 2019-2023 yillarga moʻljallangan Milliy dastur loyihasi ishlab chiqilgan va hozirgi kunda kelishish jarayonida.

Dasturga asosan:

  • 120 000 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurilishi;
  • 6 000 dan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari qurilishi;
  • keng polosali tarmoq sigʻimi 1,5 million portga kengaytirilishi;
  • maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari sigʻimi kengaytirilishi va yangilarining qurilishi;
  • tashqi internetga ulanish qobiliyatini qoʻshimcha 10 barobar oshirish;
  • simsiz maʼlumot uzatish – Wi-Fi tarmoqlarini keng joriy qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?