2019-yilda byudjet mablagʻlaridan 1,1 trillion soʻmlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar aniqlangan

17:09 11 May 2020 Siyosat
402 0

Senatning toʻrtinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti ham eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Hisob palatasi oʻtgan yildagi faoliyati davomida davlat byudjeti ijrosi, byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan nazorat olib borgan. Prezident topshiriqlari ijrosi, strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari kabi masalalar boʻyicha nazorat va tahliliy tadbirlarni amalga oshirgan.

Xususan, Davlat byudjetiga qoʻshimcha 2,7 trln. soʻmlik daromad manbalari aniqlanib, belgilangan qoʻshimcha daromad manbalarining hududlar boʻyicha toʻliq taʼminlanishida amaliy yordam koʻrsatilgan. Byudjet mablagʻlaridan 1,1 trln. soʻmlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar aniqlanib, shundan 150 mlrd. soʻmi bartaraf etilishi taʼminlangan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlari, oliy darajadagi tashriflar yakuni boʻyicha erishilgan 4 mingdan ziyod qariyb 130 mlrd. AQSH dollari qiymatidagi kelishuvlar amalga oshirilishi yuzasidan nazorat olib borilgan.

Hisobot yilida qator korxona va muassasalar tomonidan davlat xaridlariga oid qonun hujjatlariga rioya etmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma orqali 19,9 mlrd. soʻm ortiqcha sarflanganligi, import xajmi 24,9 foizga ortib ketganligi, tashqi savdoda manfiy qoldiq deyarli 7 mlrd. dollarga yetganligi aniqlangan.

Shu bilan birga, Hisob palatasi tomonidan 2019-yil Investitsiya dasturiga muvofiq 72,6 mlrd. dollar qiymatidagi 3 mingdan ziyod loyihalar, hududiy dasturlar asosida belgilangan 29,9 mlrd. dollarlik 12 mingdan ortiq investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatilgan.

Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan Hisob palatasining faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalar bildirildi.

Jumladan, Senat bilan hamkorlikda byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar tushumlarining toʻliqligini tizimli ravishda oʻrganib borish va daromadlarni koʻpaytirish zaxiralarini aniqlashda zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qoʻllagan holda masofaviy nazoratni amalga oshirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatda Davlat byudjeti parametrlarini muvozanatlashgan holda qayta koʻrib chiqilishi va ijro etilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatishi zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?