2019 yilda 110 mln dollarga teng investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

14:16 16 Aprel 2019 Jamiyat
359 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida sogʻliqni saqlash sohasida birinchi Xalqaro investitsiyaviy forumi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturini ijrosini taʼminlash, sogʻliqni saqlash sohasi va farmatsevtika sanoatida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish, tibbiyot sohasining investitsion jozibadorligini oshirish va bu sohada xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan forumda Rossiya, Xitoy, Fransiya, Gretsiya, Hindiston, Belarus, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya va yaqin qoʻshnilarimiz – Qozogʻiston, Tojikiston va Ozarbayjon singari oʻndan ziyod mamlakatlardan xorijiy kompaniyalar hamda Oʻzbekiston tibbiyot va farmatsevtika sanoatining vakillari faol ishtirok etishmoqda.

Mazkur forumda qayd etilganidek, Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari asosida bugungi kunda sogʻliqni saqlash sohasida investitsiyalarni jalb etishga alohida eʼtibor qaratilib, umumiy qiymati 600 million AQSH dollaridan ziyod 17 istiqbolli sarmoyaviy loyiha ishlab chiqilmoqda. Loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda jami 23 million AQSH dollariga teng toʻrtta investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi. Jumladan, Turkiyaning “Cani Med Health” kompaniyasi sarmoyadorlari bilan birgalikda laboratoriya markazini, Hindistonning “Pratiksha Hospital Group”bilan hamkorlikda koʻp tarmoqli markazni tashkil etish, “Khalifa Bin Zayed AI NahyanFoundation” arab kompaniyasi koʻmagida “Ona va bola” klinikasini qurish va jihozlash, Germaniyaning KfW banki tomonidan esa mintaqaviy tibbiyot markazlarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash kabi loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Ayni paytda xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida nafaqat poytaxtda, balki mamlakatning barcha hududlarida 50 ga yaqin yirik xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etilib, samarali faoliyat yuritmoqda.

Agar 2018 yilda sogʻliqni saqlash sohasidagi xalqaro moliya institutlari koʻmagida 24 mln. AQSH dollari oltita loyihani amalga oshirishga sarflangan boʻlsa, 2019 yilda bu koʻrsatkich bir necha baravarga oshib, yil oxirigacha 110 mln. AQSH dollari qiymatida sakkizta loyiha amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Farmatsevtika sanoatiga investitsiyalarni yoʻnaltirishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Oʻtgan yilda farmatsevtika sanoatida 96 mln. AQSH dollariga teng 34 ta investitsiyaviy loyiha, shu jumladan, 7 ta erkin iqtisodiy zonada 61 mln. AQSH dollari qiymatidagi 8 ta loyiha amalga oshirildi. Bundan tashqari, ushbu zonalarda 169 million AQSH dollariga teng 30 loyihani amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda jami 485 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihalari amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish istiqbollari, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoatining sarmoyaviy salohiyati, davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida sanoat rivojlantirish va Oʻzbekistonda tibbiy turizmni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama qilindi.

Forum doirasida B2B hamkorlik kooperatsiyasi birjasi ham boʻlib oʻtadi. Shuningdek Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Oʻzekspomarkaz”da “Sogʻliqni saqlash – TIHE 2019” 24 – Xalqaro sogʻliqni saqlash koʻrgazmasi tashkil etilib, unda 22 mamlakatdan 250 kompaniya va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tibbiy jihozlar, laboratoriyalar, farmatsevtik va stomatologik asbob-uskunalar, dori-darmon mahsulotlari bilan ishtirok etishmoqda. Koʻrgazma doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzbekistonda tibbiy turizm salohiyati” mavzusida taqdimoti ham oʻtkaziladi.

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimov, Sogʻliqni saqlash vaziri A.Shadmanov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?