2019-yil va 2020-yilning 9 oyi davomida 720 ta ogʻir, 207 ta oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar fosh etilmagan

16:20 20 Noyabr 2020 Siyosat
357 0

Xabar berib borilayotganidek, bugun, 20-noyabr kuni parlament yuqori palatasining toʻqqizinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtmoqda. Majlisda senatorlar tomonidan “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi va maʼqullandi.

Oliy Majlis Senati aʼzosi Farhod Boqiyev oʻz maʼruzasida soʻngi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarini inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil organga aylantirishga qaratilgan keng koʻlamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilganiga toʻxtaldi.

– Sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar qonun ustuvorligini taʼminlash bilan birga huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, sodir etilgan jinoyatlarni “izi sovimasdan” fosh etishda foydalaniladigan ilmiy-texnik usul va vositalarni modernizatsiya qilishni talab qilmoqda, – dedi Senat aʼzosi F.Boqiyev. – Tahlillarga nazar tashlaydigan boʻlsak, mazkur “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunni qabul qilishning nechogʻli ahamiyatli ekanligini anglashimiz mumkin.

2019-yil va 2020-yilning 9 oyi davomida 720 ta ogʻir, 207 ta oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar fosh etilmagan. Shundan 35 tasi qotillik,

18 tasi ogʻir tan jarohati yetkazish, 5 tasi nomusga tegish, 11 tasi bosqinchilik jinoyatlarini tashkil etadi. Bundan tashqari, birgina 2020-yilning 9 oyida 367 ta bedarak yoʻqolgan fuqarolar topilmagan va 224 ta nomaʼlum murdalar shaxsi aniqlanmagan.

Taʼkidlash joizki, hozirda sodir etilayotgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar toʻliq fosh etilishi va jazo muqarrarligini taʼminlashni talab etadi. Bunda jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida oʻz izlarini qoldirmaslik maqsadida turli xil usullardan foydalanilmoqda. Fosh etilmagan jinoyatlar esa oʻz navbatida jinoyatchilarga jazolanmaslik hissini kuchaytirib, kelgusi jinoiy faoliyatini davom ettirishga imkon bermoqda. Buning oqibatida esa jamiyatda jinoiy faoliyatga koʻnikkan shaxslar jinoyat izlarini yashirishga urinmoqda.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida ogʻir jinoyat uchun 8311 nafar va oʻta ogʻir jinoyat uchun 15 765 nafar, jinsiy erkinlikka qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun 1777 nafar sudlangan shaxslar mavjud. Qolaversa, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilinib, jazo muddatini oʻtab ozodlikka chiqqan lekin sudlanganlik holati tugatilmagan shaxslardan ham majburiy ravishda Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?