2019 yil 1 yanvardan daromad soligʻi miqdori kamayadimi?

16:15 04 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
1996 0

Sir emaski, mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan har bir jismoniy shaxs olayotgan oylik maoshidan daromad soligʻi toʻlaydi. Yana shu narsa ham maʼlumki, ushbu soliq turining stavkalari har xil – eng kam ish haqining bir baravarigacha 0 foiz, eng kam ish haqining bir baravaridan 5 baravarigacha 7,5 foiz, eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha 16,5 foiz hamda undan yuqorisi 22,5 foiz miqdorda jismoniy shaxslarning oylik maoshiga daromad soligʻi solinadi. Aytish mumkinki, bunday jarayon, bunday stavkalarda daromad soligʻi hisob-kitobi oddiy ishchi xodim tugul, tashkilot hisobchisiga ham katta qiyinchiliklar tugʻdirayotgandi.

Xabaringiz bor, “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”ga koʻra, 2019 yil 1 yanvardan mamlakatimiz soliq tizimida qator muhim oʻzgarishlar kutilyapti. Qisqacha aytganda, soliq yuki va turlari kamaytirilmoqda, ayrimlari bekor qilinmoqda, soliq tizimi soddalashtirilmoqda.

Jumladan, koʻp yillar davomida hisobchilarni ham qiynab kelgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining 4 pogʻonali stavkalari oʻrniga oylik maosh miqdoridan qatʼiy nazar yagona 12 foizlik stavka joriy etilmoqda. Bundan 0,1 foizini shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisob varaqlariga yoʻnaltirish koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, soliq tizimidagi eng muhim oʻzgarishlardan biri, fuqarolarning mehnatga haq toʻlash turidagi daromadlaridan Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan 8 foizli sugʻurta badali bekor qilinmoqda. Uning bekor qilinishi natijasida viloyatimiz fuqarolarining ixtiyorida 371,6 milliard soʻm mablagʻ qolishi kutilmoqda.

Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi, yuqoridagi oʻzgarishlarni oddiy misollar bilan bir-biriga solishtirib koʻraylik. Aytaylik, shifokorning oylik maoshi 3 million soʻm. Ushbu fuqaro amaldagi soliqqa tortish tartibiga koʻra, fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya badaliga 2 foizlik hamda daromad soligʻining oʻsib borish shkalasi boʻyicha jami 481,23 ming soʻm miqdorida soliq toʻlaydi. Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga esa olingan daromaddan 8 foiz, yaʼni 240 ming soʻm toʻlaydi. Umumlashtirsak, shifokorning qoʻliga tegadigan umumiy summa – 2 278 770 = 3 000 000 - 481 230 - 240 000.

2019 yildan joriy etilayotgan yangi tartibga koʻra esa, shifokor olayotgan daromadidan yagona 12 foiz – 360 ming soʻm daromad soligʻi toʻlaydi. Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga olinadigan sugʻurta badali esa aytib oʻtganimizdek, bekor qilinadi. Demak, shifokorning qoʻliga tegadigan umumiy summa – 2 640 000 = 3 000 000 - 360 000.

Buyogʻi endi oddiy matematika, oʻrtadagi farqni hisoblab koʻrishingiz mumkin – 2 640 000 – 2 278 770 = 361 230. Yaʼni, daromad soligʻining yagona stavkasi joriy etilishi va sugʻurta badalining bekor qilinishi hisobiga shifokor 361 230 soʻm miqdorida soliq kamroq toʻlayapti. Bemalol aytish mumkinki, uning daromadi shunchaga ortmoqda. Agar tejab qolinayotgan mablagʻni 12 ga koʻpaytirsak, bir yilgi daromad miqdori anchagina ortishi kutilyapti.

Amalga oshirilayotgan soliq islohotlar nafaqat jismoniy shaxslarning, balki, yuridik shaxslar daromadining ortishiga ham xizmat qiladi. Xususan, pensiya tizimining barqarorligini taʼminlash maqsadida yuridik shaxslardan olinadigan yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirilmoqda. Ushbu soliq stavkasining kamayishi tashkilotlarga ishchilarning mehnat shartnomasi asosida rasman toʻliq roʻyxatga olinishida hamda ularning ijtimoiy muhofazasi taʼminlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, davlat maqsadli jamgʻarmalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan 3,2 foiz miqdoridagi majburiy ajratmalar bekor qilinmoqda. Natijada, Fargʻona viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning ixtiyorida qoladigan foyda, taxminiy hisob-kitoblarga koʻra, 115,7 milliard soʻmni tashkil etishi kutilyapti.

Albatta, soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar haqida koʻp gapirishimiz, soliq yuki va stavkalari pasayishi hisobiga jismoniy va yuridik shaxslar foydasida qolayotgan mablagʻlar haqida koʻp yozishimiz mumkin. Shubhasiz, bunday islohotlar iqtisodiyotimiztaraqqiyotiga, mamlakatimiz farovonligiga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?