2019 yil 1 yanvardan boshlab imtiyozli ipoteka kreditining imtiyozli davri qisqartirilmoqda

16:10 18 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
978 0

Arxiv foto

Yangi yildan eʼtiboran qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi “Obod qishloq” dasturi bilan oʻzaro uygʻunlikda amalga oshiriladigan boʻldi.

Gap shundaki, endilikda bir qavatli 3 xonali (yonma-yon quriladigan) arzon turarjoylar “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida, shuningdek, aholisi zich boʻlmagan hududlarda barpo etiladi. Bundan tashqari, aholi zichligi yuqori boʻlgan hududlarda toʻrt qavatli koʻp kvartirali arzon uylar ham quriladi.

Prezidentimizning 2018 yil 24 noyabrdagi “Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida shular aniq aniq vazifalar belgilab berilgan.

“Qishloq qurilish bank” ATB tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur hujjatning mazmun-mohiyati, unga binoan arzon uy-joylar qurilishi boʻyicha amaliyotga tatbiq qilinayotgan yangiliklar haqida maʼlumotlar berildi.

Bank vakillarining aytishicha, yana bir oʻzgarish imtiyozli ipoteka krediti bilan bogʻliq. Yaʼni shu paytga qadar imtiyozli ipoteka krediti uch yildan iborat imtiyozli davr bilan ajratilgan boʻlsa, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, uning imtiyozli davri ikki yildan iborat boʻlishi belgilandi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, 2017-2018 yillarda arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirish uchun “Qishloq qurilish bank” tomonidan 1 trillion 809,1 milliard soʻmlikdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?