2019 — 2021-yillarda Respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

21:01 11 Aprel 2019 Hujjatlar
510 0

Arxiv foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Keyingi yillarda respublikada aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika (keyingi oʻrinlarda — farmatsevtika mahsulotlari) bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi, mahalliy farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish quvvatlari yetarli darajada emasligi hamda mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining tor assortimenti ichki bozor ehtiyojlarini qondirmayapti va importga haddan tashqari bogʻlanib qolishga sabab boʻlmoqda.

Mahalliy korxonalarda xalqaro standartlarni tatbiq etish boʻyicha ishlarning sust tashkillashtirilishi tashqi bozorlarda raqobatbardosh farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini va tarmoqning eksport salohiyatini cheklamoqda.

Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni hamda yetakchi xorijiy kompaniyalarni investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish, innovatsion farmatsevtika mahsulotlarini yaratishni ragʻbatlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmlari va eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining “Oʻzmedimpeks” Davlat unitar korxonasini oʻtkazish;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Sogʻliqni saqlash vazirligining dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish, tayyorlash va ularning ulgurji savdosi ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boʻyicha funksiyalarini berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun avval berilgan litsenziyalar amal qilish muddati tugagunga qadar amalda boʻladi.

2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

farmatsevtika tarmogʻini, jumladan, uni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yoʻli bilan barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;

farmatsevtika bozori konyukturasini oʻrganishni tashkillashtirish, aholi va sogʻliqni saqlash muassasalarining farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlanganlik holatini tizimli tahlil qilish va uning asosida ichki bozorni yanada toʻldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;

tarmoq korxonalariga yetakchi xorijiy farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda, farmatsevtika mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, yuqori sifatli yangi turlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirishda koʻmaklashish;

farmatsevtika tarmogʻini, shu jumladan, farmatsevtika mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, shuningdek, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash (dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish bundan mustasno) yoʻli bilan davlat tomonidan boshqarish;

farmatsevtika tarmogʻiga ilgʻor xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;

import qilinayotgan va respublika hududida ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari toʻgʻrisida toʻliq axborot yigʻishni taʼminlovchi Farmatsevtika mahsulotlari harakatini nazorat qilish va hisobga olish axborot tizimini joriy qilishda ishtirok etish.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

import qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 211-moddasi 6-bandida nazarda tutilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz joriy etilmaydigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari roʻyxati Agentlik tomonidan shakllantiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Bunda mazkur roʻyxatga kiritilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari nomlari tayyor mahsulotga ham, “in bulk” mahsulot shaklida import qilinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ham joriy etiladi;

dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sanoatda ishlab chiqarish va dorixonada tayyorlash uchun moʻljallangan, import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadigan xom ashyolar roʻyxati Agentlik tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi va tasdiqlanadi, shuningdek, bir yilda kamida ikki marta yangilab borilishi va Agentlik hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishi shart;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi dori vositalari va tibbiyot buyumlari milliy ishlab chiqaruvchilariga tijorat banklari kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, ammo 10 milliard soʻmdan oshmaydigan miqdordagi mablagʻga kafillik beradi;

“in bulk” mahsuloti asosida ishlab chiqariladigan dori preparatlari va (yoki) tibbiyot buyumlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatini uzaytirish, shuningdek, ularni qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazish mazkur analogik milliy mahsulotni ichki bozor ehtiyojini taʼminlaydigan hajmda ishlab chiqaruvchi boʻlmagan taqdirda amalga oshiriladi;

2019-yil 1-iyuldan 2020-yil 31-dekabrga qadar, sinov tariqasida, dori preparatlari va tibbiyot buyumlarini davlat tomonidan xarid qilishni amalga oshirishda ikki va undan ortiq ishtirokchilar — analogik mahsulotni (xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha) milliy ishlab chiqaruvchilari mavjud boʻlgan taqdirda davlat buyurtmachisi import dori preparatlari va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish taklifi mavjud barcha buyurtmalarni rad etadi;

2019-yil 1-iyuldan boshlab import dori vositalari (dori substansiyalari bundan mustasno) va tibbiyot buyumlarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim undiriladi.

4. Belgilansinki, 2022-yilning 1-yanvariga qadar:

farmatsevtika mahsulotlarining klinik-oldi tadqiqotlarini amalga oshiruvchi barcha laboratoriyalar Zarur laboratoriya amaliyoti (GLP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining klinik tadqiqotlar oʻtkazuvchi barcha klinik bazalari Zarur klinika amaliyoti (GCP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;

farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi barcha mahalliy korxonalar Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;

farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shugʻullanuvchi barcha mahalliy korxonalar Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi zarur.

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyunga qadar farmatsevtika tarmogʻi va respublika sogʻliqni saqlash tizimiga zarur amaliyotlar (GxP) talablarini joriy etish tarmoq jadvalini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. 2019 — 2021-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Masʼul vazirlik va idoralarning rahbarlariga “Yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. Quyidagilar “Yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, ilmiy-tadqiqot va sinov laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

2019-yilda — Agentlikka Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ajratiladigan Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining 2019-yil 1-yanvar holatiga mavjud valyuta mablagʻlari qoldigʻi;

2020 — 2023-yillarda — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini tegishli yil uchun amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar, laboratoriya va ishlab chiqarish asbob-uskunalarini xarid qilish uchun esa Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining oʻzlashtirilmagan mablagʻlari, ular yetishmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari.

7. Agentlik qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin va quyidagilar uni shakllantirish manbalari etib belgilansin:

import dori vositalari (dori substansiyalari bundan mustasno) va tibbiyot buyumlarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimning 1,0 foizi;

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan ekvivalenti 25 million AQSH dollaridagi milliy valyutadagi mablagʻlar;

xalqaro moliyaviy institutlar hamda boshqa xorijiy donorlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga ishlatiladi:

farmatsevtika mahsulotlarining yangi turlarini yaratish boʻyicha ilmiy ishlanmalarni tashkillashtirish uchun Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga grantlar taqdim etish;

Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va farmatsevtika mahsulotlarining sifat nazoratini amalga oshiruvchi davlat laboratoriyalarini zarur asbob-uskuna va texnika bilan jihozlash;

respublikada ishlab chiqarilmaydigan farmatsevtika mahsulotlari yangi turlarining klinik-oldi va klinik tadqiqotlarini mahalliy muassasalarda oʻtkazish uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining sarf-xarajatlarini eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida qoplash;

mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 50 foizini, ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng qoplash;

mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ilgari surish boʻyicha, shu jumladan, xorijda oʻtkaziladigan koʻrgazma va yarmarkalar tashkil qilish, seminarlar oʻtkazish, taqdimot materiallari, koʻrgazma stendlarini tayyorlash, Agentlik va unga idoraviy mansub tashkilotlar mutaxassislarining mazkur tadbirlarda ishtirok etishi;

Agentlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uning ishchilari va jalb etiladigan mutaxassislarni moddiy ragʻbatlantirish, shuningdek, Agentlik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mamlakatimizda avval ishlab chiqarilmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan ekvivalenti 1 million AQSH dollaridan oshmagan kreditlarning foizlar boʻyicha xarajatlarini ikki yil mobaynida qoplash;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan Agentlik faoliyati bilan bogʻliq boshqa chora-tadbirlar.

Belgilansinki, Jamgʻarmaning xarajatlar smetasi Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-yanvardagi “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–2718-sonli qaroriga muvofiq ochilgan kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi va Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasiga 25 million AQSH dollaridan ajratsin.

10. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinadigan hamda farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar tomonidan apteka ichida dori tayyorlash maqsadida olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun “toza xonalar”, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari, shuningdek, laboratoriya hayvonlarini boqish, klinik-oldi tadqiqotlar va dori vositalari ishlab chiqarish (shu jumladan, apteka ichida tayyorlash) uchun ishlatiladigan xom ashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.

11. 2019 — 2021-yillarda respublika hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish tavsiya etilgan dori vositalari guruhlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Agentlik 2019-yil 1-avgustga qadar:

Roʻyxatga kiritilgan import qilinadigan dori vositalari guruhlarini mahalliylashtirish boʻyicha investitsiya loyihalarining roʻyxatini ularni amalga oshirishning aniq muddatlari, moliyalashtirish manbalari va tashabbuskorlarini belgilagan holda shakllantirsin;

Roʻyxatga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan, Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi ishtirokida jalb qilish va zarur boʻlganda, farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalarda joylashtirish choralarini koʻrsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari E. M. Gʻaniyev va A. A. Abduhakimov manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

respublikada talab yuqori boʻlgan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish uchun barqaror obroʻga ega yetakchi farmatsevtika kompaniyalarni;

farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini uzoq muddatli moliyaviy resurslar bilan taʼminlash maqsadida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalarini jalb qilish boʻyicha takliflar kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 1-iyunga qadar:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlar, shuningdek, Agentlik va uning hududiy boʻlinmalarining tashkiliy-shtat tuzilmasi ushbu Farmon bilan belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirishning aniq koʻrsatkichlari va maqsadli indikatorlariga erishishga asoslangan butunlay yangicha baholash tizimini joriy etishni koʻzda tutgan holda, Agentlik faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari tasdiqlansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi asoslangan hisob-kitoblarga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida 2019-yilda mazkur Farmonni amalga oshirish doirasida Agentlik xarajatlari uchun mablagʻlar ajratsin hamda 2020-yildan boshlab har yili zarur byudjet mablagʻlarini koʻzda tutsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Toshkent shahar hokimligi Agentlikning maʼmuriy binosini taʼmirlash davrida Agentlikni davlat tasarrufidagi boʻsh turgan obyektlarga vaqtinchalik joylashtirishga koʻmaklashsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda respublikada farmatsevtika tarmogʻi mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurti filialini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

Agentlik va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Agentlikning rasmiy saytlarida 2017-2018-yillarda va keyingi yillarda farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni organlar, tashkilotlar, mahsulotlarning nomlanishi va naturada ifodalangan hajmlari kesimida joylashtirilishini taʼminlasin;

ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining barcha klinik bazalarida klinik tadqiqotlar oʻtkazish jarayonlarini tashkil etishning shaffof mexanizmini, shuningdek, koʻrsatiladigan xizmatlar narxini belgilash va klinik tadqiqotlar oʻtkazishning har bir bosqichida tomonlarning javobgarlik doirasini nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlasin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

18. Sogʻliqni saqlash vazirligi Agentlik va boshqa idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.

19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A. A. Abduhakimov, E. M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari G. K. Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 10-aprel


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?