2019-2020 oʻquv yilida umumtaʼlim maktab oʻquvchilari oʻrtasida intellektual oʻyinlarni oʻtkazish tizimi takomillashtiriladi

15:20 27 Avgust 2019 Jamiyat
155 0

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 2019-2020 oʻquv yilidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida (har bir hududda bittadan) jami 14 ta umumtaʼlim maktabi “Munozara” klublari faoliyati takomillashtiriladi. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 23-25-avgust kunlari tayanch maktablari uchun Respublika oʻquv-seminari va uning doirasida “Munozara” respublika turniri tashkil etildi.

“Munozara” turniri mustaqil fikrlaydigan oʻquvchi-yoshlarni tarbiyalash, ularda tizimli tahlil qilish, mantiqiy fikrlash va mohirona munozara olib borish qobiliyatlarini rivojlantirish, oʻquvchilarda vatanparvarlik hamda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, oʻrtaga qoʻyilgan muammoga xolis yondasha olish, oʻz fikrlarini asoslash, aniq bayon etish hamda oʻquvchi-yoshlarning bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni shakllantirishga xizmat qiladi.

“Munozara” turnirida 1-oʻrinni Samarqand viloyati, Kattaqoʻrgʻon shahridagi 11-umumtaʼlim maktabi, 2-oʻrinni Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi 14-umumtaʼlim maktabi, 3-oʻrinni Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi 195-umumtaʼlim maktabi jamoasi qoʻlga kiritdi.

Eng notiq oʻquvchi yoʻnalishida Toshkent viloyatidan Doston Baxodirov, Namangan viloyatidan Madina Rahimova, Fargʻona viloyatidan Maxliyo Quranbayevlar gʻolib deb topildi.

“Munozara” turniri dolzarb mavzularda oʻz fikrini bayon qila oladigan oʻquvchi-yoshlar maktabini tashkil etish uchun tashlangan yana bir qadam boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?