2018 yilda Fargʻonada 1400 dan ortiq tadbirkorning faoliyati qayta tiklandi

17:29 22 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
439 0

Illyustrativ foto

Fargʻona viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan 2018 yilda viloyatdagi 1400 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatlarini qayta tikladilar yoki belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtdi. Bu haqda Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati “Xalq soʻzi“ga xabar berdi.

Manbaning qayd qilishicha, buning uchun ularning qariyb 8 mlrd. soʻmlik soliq qarzidan voz kechilgan.

Eslatib oʻtamiz, tadbirkorning qarzidan kechish boʻyicha taqdim etilgan imtiyoz dastlab 2019 yil 1 yanvarga qadar etib belgilangan edi. Lekin tadbirkorlik subyektlariga yanada kengroq imkoniyat va imtiyoz berish maqsadida Prezidentimizning 2018 yil 26 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5607-sonli Farmoniga koʻra, yuqoridagi farmonga oʻzgartirish kiritildi hamda belgilangan tartibda soliqdan boʻlgan qarzdorlikni hisobdan chiqarish muddati 2019 yil 1 iyulga qadar uzaytirildi.

“Hurmatli tadbirkorlar, Siz qatʼiy belgilangan soliqlar tufayli tadbirkorlik maqomini yoʻqotganmisiz yoki faoliyatingizni vaqtincha toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkormisiz? 2019 yil 1 iyulga qadar tadbirkorlik faoliyatingizni tiklang, sizning qarzingiz davlat tomonidan hisobdan chiqariladi“, deyiladi boshqarma bayonotida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?