2010-2018 yillarda 153 nafar chaqaloq odam savdosi qurbonlari deb tan olingan

11:12 01 Mart 2019 Jamiyat
385 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi ONLINE”/Munisxon Karimova. Ombudsman oʻz hisobotida “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining ayrim hududlardagi ijrosiga ham toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Fargʻona, Namangan, Andijon va Navoiy viloyatlarida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan monitoring oʻtkazildi. Monitoring jarayonida 8 ta tugʻruqxona kompleksining va 8 ta Xalq taʼlimi vazirligi tuzilmasida tuman yoki viloyat darajalarida tashkil etilgan vasiylik va homiylik organining ishi oʻrganildi.

Oʻtkazilgan monitoring quyidagi asosiy jihatlarni ajratib koʻrsatish imkonini berdi. Vasiylik va homiylik organlari vasiylar va homiylar oʻzlariga yuklangan majburiyatlarni bajarishi ustidan bir yilda kamida ikki marta nazorat tadbirlarini oʻtkazish, vasiylik ostidagi shaxslarga qarash, ularni tarbiyalash va tibbiy kuzatib borishni tashkil etishda ularga yordam koʻrsatish boʻyicha talablarni bajarmayapti. Mazkur hududlarda 2010-2018 yillarda 153 nafar chaqaloq odam savdosi qurbonlari deb tan olindi. Vasiylik organlarida ularning faqat 74 nafari haqida (48 foizi) axborot mavjud. Xususan, Xorazm viloyatida vasiylik organi odam savdosi qurbonlarining 96 foizi haqida, Andijon viloyatida 65 foizi haqida, Buxoro viloyatida 57 foizi haqida va Fargʻona viloyatida 50 foizi haqida axborotga ega emas.

Tugʻruqxona komplekslari 2016-2018 yillarda 17 193 nafar chaqaloqning tugʻilishi haqida Tibbiy maʼlumotnomalar bermagan. Maʼlumotnoma berilmagan har uchinchi chaqaloq Samarqand viloyatiga toʻgʻri keladi. Yaqinda tuqqan ayolning pasporti yoʻqligi yoki uning amal qilish muddati tugaganligi (46 foizi), nikoh roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi (46 foizi), nikohdan oʻtkazilgan ayol u bilan nikoh qurmagan erkakdan farzand koʻrishi (6 foizi) bunday vaziyatning sabablari hisoblanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda yaqinda tugʻadigan yoki tuqqan ayollar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz tugʻruqxona komplekslariga kelganda ular xodimlarining xatti-harakatlarini tartibga solish, zarur maʼlumot olish yuzasidan ularning ichki ishlar organlari bilan aloqasi bayon qilinmagan.

Sud organlari oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsning oldi-sotdi ishlari toʻgʻrisidagi jinoyat ishlarini koʻrib chiqishda hukmlarda mazkur shaxs yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻisiz qolgan bolalar tarbiyalanadigan internat muassasasiga oʻtkazilganligini koʻrsatmaydi. Bu esa mazkur muassasalarda bolani rasmiylashtirishda, tugʻilganlik haqida oʻz vaqtida guvohnoma olishda, ota-onalik huquqlaridan mahrum qilish, oʻgʻil qilib olish, qiz qilib olish toʻgʻrisida daʼvo kiritishda, vasiylik va homiylik oʻrnatishda qiyinchilik tugʻdiradi.

Nikohni bekor qilish jarayonida, shu jumladan qonuniy er-xotinlar boshqa shaxslar bilan fuqarolik nikohida yashayotgan va ularning oʻzaro farzandlari boʻlgan hollarda ham tomonlarni yarashtirish uchun sud tomonidan muddat beriladi. Bu tugʻilganlik haqidagi guvohnomani oʻz vaqtida olmaslikka, unda ota-onalar toʻgʻrisida haqiqatga mos kelmaydigan maʼlumotlar koʻrsatilishiga, bolaning otasi yoki onasi boʻlmagan shaxsga alimentlar toʻlanishiga olib kelmoqda.

Oʻtkazilgan monitoring natijalari boʻyicha “Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi monitoring natijalari boʻyicha odam savdosiga qarshi kurashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” (2018 yil may) va “Respublikaning ayrim hududlarida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlarini amalga oshirish toʻgʻrisida” (2018 yil iyul) axborot-tahliliy materiallar tayyorlandi. Ombudsmanning mazkur sohadagi qonun hujjatlarini va davlat organlari faoliyati amaliyotini takomillashtirishga doir materiallari va takliflari parlament palatalari va Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiya koʻrib chiqishi uchun kiritildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?