2005 yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi (3-qism)

20:50 15 Fevral 2019 Jamiyat
580 0

Illyustrativ foto

Xalq orasida “vuzgorodok” nomi bilan mashhur maskan poytaxtning moʻjazgina joyini egallagan boʻlsa-da, uning dovrugʻi mamlakatning har bir burchagiga yetib borgan, desak, adashmaymiz. Zotan, bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan aksariyat ziyolilarning taqdiri, katta hayotdagi dastlabki qadamlari, yorqin onlari aynan shu yer bilan bogʻliq.

XX asrda bunyod etilgan mazkur shaharcha yillar oʻtishi bilan abgor ahvolga kelib qolganini koʻpchilik yaxshi eslaydi. Bu yerdagi infratuzilma, talabalarning yashash sharoiti va madaniy-ijtimoiy muhit talabga mutlaqo javob bermasdi.

Mustaqillikka erishganiga koʻp boʻlmagan, shundoq ham “iqtisodiy muammolar” (bu soʻzlarni nega qoʻshtirnoqqa olganimizni keyinroq tushunib olasiz) girdobida qolgan mamlakatning ertangi kelajagini belgilab beradigan asosiy kuch — yoshlar kamol topadigan maskanga eʼtibor yetarli emasdi.

Faqatgina 2003 yilda Shavkat Mirziyoyev hukumat tepasiga kelgach, barcha jabha qatori taʼlim sohasiga boʻlgan qarashlar ham oʻzgardi. Xususan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 2005 yili “Yoshlik” talabalar shaharchasiga borib, u yerdagi ahvol bilan tanishadi. Mavjud vaziyatni koʻrib, zarur choralar belgilaydi. Biroq shaharchada amalga oshirilgan ishlar xamirdan qil sugʻurgandek oson kechmagan edi...

Biz oʻsha davrda ushbu bunyodkorlikda ishtirok etgan mutasaddilar bilan suhbatlashdik. Ular voqealarni shunday esga olishdi.

Avazjon MARAHIMOV, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori:

— Talabalar shaharchasidagi ilk binolar oʻtgan asrning 60-yillarida qurilgan. Qator taʼlim muassasalari, xalq tilida “yotoqxona” deb ataluvchi oʻnlab talabalar turarjoylari, aholi yashaydigan obyektlar joylashgan hudud Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 11 fevraldagi qaroriga binoan “Yoshlik” talabalar shaharchasi deb atalsa-da, bu yerdagi inshootlarning birortasi taʼmirlanmaganidan, eskirib ketganidan, muhitda qandaydir soʻlgʻinlik, eski davr ruhi ufurib turganidan yoshlar shaharchasini oʻz nomiga mos, deb boʻlmasdi.

Derazayu oynalari sinib, eshigu devorlari puturdan ketgan, zax anqib yotgan befayz maskanlarda yashayotganidan norozilik kayfiyatida yurgan yoshlarni oʻsha vaqtlarda ham oliy taʼlim tizimida ishlagan inson sifatida bir necha bor uchratganman. Biroq endigina istiqlolga erishib, oyoqqa turayotgan mamlakat uchun yoshlarning ijtimoiy muammolarini hal etish oson ish emasdi. Shunga qaramay, oʻsha vaqtlarda Bosh vazir boʻlib ishlagan Shavkat Mirziyoyev taraqqiyotga erishish uchun, avvalo, yoshlarni yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash, buning uchun barcha shart-sharoitni yaratish kerak, degan fikr va tashabbus bilan chiqdi. Bunga oʻsha paytdagi ayrim amaldorlar qarshi chiqqan, amalga oshirib boʻlmaydigan ish, deb qaragan edi. Lekin Shavkat Miromonovich fikrida qatʼiy turdi va maqsadini amalga oshirdi.

2005 yilning yozini yaxshi eslayman. Shavkat Miromonovich hududdagi har bir talabalar turarjoyi binosiga shaxsan oʻzi kirib, mavjud muammolar bilan tanishdi. Imoratlarning chordogʻi va yertoʻlalarigacha koʻzdan kechirib boʻlgach, “Bunday ogʻir sharoitlarda yashab kelayotgan farzandlarimizga tasanno aytsak arzirkan... Bu yerdagi muammolarga zudlik bilan yechim topmasak, ertaga kech boʻladi”, degan edi.

Koʻp oʻtmay, “Yoshlik” talabalar shaharchasida qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari boshlanib ketdi. Shavkat Mirziyoyev deyarli har kuni hududga kelib, olib borilayotgan bunyodkorliklar bilan tanishardi. Maxsus shtabda yigʻilish oʻtkazib, “Falonchi, sen mana shu institutda oʻqiganding, anavi turarjoyda yashaganding, bugun mana pistonchi tashkilotning rahbarisan, endi shu hududning obod boʻlishiga hissa qoʻshish burching”, deb qurilish ishlariga homiy sifatida biriktirilgan tashkilotlar, vazirlik va idoralar rahbarlarini yanada fidoyi boʻlishga, bunyodkorlik ishlarini jonlantirishga daʼvat etardi.

Qisqa fursatda shaharcha butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Zamon talablari asosida qayta qad rostlagan talabalar turarjoylari, sport inshootlari, xizmat koʻrsatish obyektlari koʻzni quvontiradi. Eng muhimi, bu yerga deyarli har kuni kelib-ketadigan professor-oʻqituvchilarning ham, turarjoylarda yashayotgan yoshlarning ham ongu tafakkurida, dunyoqarashida, hayotga munosabatida oʻzgarish roʻy berdi. Endi ular oʻqishi, ishlashi uchun yaratilgan sharoitlarga munosib boʻlishga intila boshladilar. Talabalarning katta maqsadlarni oldiga qoʻyib, taʼlim olayotganidan, izlanayotganidan ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanganini sezish qiyin emasdi.

Shavkat Miromonovich shaharchada, shuningdek, har bir talabalar turarjoyida oʻzini oʻzi boshqarish tizimini joriy etishda ham tashabbuskor boʻldi.

Hududda koʻkalamzorlashtirish ishlariga ham katta eʼtibor qaratildi. Bu yerga koʻp yillik va mavsumiy gul nihollari, manzarali daraxtlar, teraklar, kashtan, yapon soforasi koʻchatlari ekildi. Har bir talaba oʻzi taʼlim olayotgan, istiqomat qilayotgan hududda daraxt va gul koʻchati ekib, uni muntazam parvarish qilishi yoʻlga qoʻyildi. Bu yoshlarimizda xalqimizning ezgu qadriyat va anʼanalariga hurmat-ehtirom tuygʻulari shakllanishida, qalbida ona tabiatga mehr uygʻotishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar samarasida shaharchada insonga xushkayfiyat baxsh etuvchi gulzorlar paydo boʻldi.

Shaharchada yoshlarimizning porloq kelajagini oʻylab amalga oshirilgan bu ezgu ishlar talabalar bilan bir qatorda ota-onalarning ham quvonchiga quvonch qoʻshdi. Buni ularning samimiy dil soʻzlari, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarga boʻlgan qiziqishlari tobora ortib borayotganidan ham bilish mumkin.

Qahramon SHONAZAROV, Olmazor tumani hokimi oʻrinbosari, “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi:

— Prezidentimizning ushbu saʼy-harakatini chinakam jasorat, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Chunki oʻsha vaqtlarda shaharchamizdagi turarjoylarning aksariyati, chindan ham xarob ahvolda, infratuzilma ham haminqadar edi. Umuman, talabalarning bilim olish hamda yashash sharoitlari yaxshi emasdi.

Men oʻsha yillari Toshkent davlat texnika universitetining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori boʻlib ishlardim. Oʻzim shohidi boʻlganman, Shavkat Mirziyoyev qadam-baqadam hududni aylanib chiqib, tegishli vazifalar boʻyicha aniq koʻrsatmalar berardilar. Yaʼni Shavkat Miromonovichning talabalarga eʼtibori oʻzgacha edi.

Oʻshanda belgilangan vazifalarni bajarish boʻyicha maxsus shtab hokimligimizda joylashgan edi va u yerda ish kecha-kunduz qizgʻin kechardi.

Endi bevosita bugungi kundagi oʻzgarishlarni qarang. Qurilishni, obodlikni koʻrib, havasingiz keladi. Shaharchamiz yanada chiroy ochyapti.

 

2005 yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi (1-qism).

2005 yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi (2-qism).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?