2005 yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi

18:47 15 Fevral 2019 Jamiyat
1322 0

Illyustrativ foto

Xalq orasida “vuzgorodok” nomi bilan mashhur maskan poytaxtning moʻjazgina joyini egallagan boʻlsa-da, uning dovrugʻi mamlakatning har bir burchagiga yetib borgan, desak, adashmaymiz. Zotan, bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan aksariyat ziyolilarning taqdiri, katta hayotdagi dastlabki qadamlari, yorqin onlari aynan shu yer bilan bogʻliq.

XX asrda bunyod etilgan mazkur shaharcha yillar oʻtishi bilan abgor ahvolga kelib qolganini koʻpchilik yaxshi eslaydi. Bu yerdagi infratuzilma, talabalarning yashash sharoiti va madaniy-ijtimoiy muhit talabga mutlaqo javob bermasdi.

Mustaqillikka erishganiga koʻp boʻlmagan, shundoq ham “iqtisodiy muammolar” (bu soʻzlarni nega qoʻshtirnoqqa olganimizni keyinroq tushunib olasiz) girdobida qolgan mamlakatning ertangi kelajagini belgilab beradigan asosiy kuch — yoshlar kamol topadigan maskanga eʼtibor yetarli emasdi.

Faqatgina 2003 yilda Shavkat Mirziyoyev hukumat tepasiga kelgach, barcha jabha qatori taʼlim sohasiga boʻlgan qarashlar ham oʻzgardi. Xususan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 2005 yili “Yoshlik” talabalar shaharchasiga borib, u yerdagi ahvol bilan tanishadi. Mavjud vaziyatni koʻrib, zarur choralar belgilaydi. Biroq shaharchada amalga oshirilgan ishlar xamirdan qil sugʻurgandek oson kechmagan edi...

Biz oʻsha davrda ushbu bunyodkorlikda ishtirok etgan mutasaddilar bilan suhbatlashdik. Ular voqealarni shunday esga olishdi.

Qahramon QURONBOYEV, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi:

— Bundan oʻn besh yil avvalgi “Yoshlik” talabalar shaharchasidagi qoniqarsiz ahvolni kechagidek juda yaxshi eslayman. 2005 yilda, oʻsha vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimida faoliyat olib borgan Shavkat Mirziyoyev mazkur shaharchaga kelib, ahvolni oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Farzandlarimizning yashash sharoiti, taʼlim olishi uchun yaratilgan holat bilan tanishdi. Talabalar turarjoylari, yuvinish xonalari, hatto yertoʻlalarigacha tushib koʻrdi-da, juda xafa boʻldi.

“Bolalarimiz qanday qilib bunday holatda yashayapti? Shuncha pul topsak, shuncha oltinimiz, paxtamiz boʻlsa, nega farzandlarimiz bunaqa xarob holatda yashashi kerak?” deya nihoyatda qattiq kuyingan edi. Shundan soʻng vaziyatni oʻnglash maqsadida davlat rahbariga taklif kiritadi. Ammo Moliya vazirligi tomonidan mablagʻ yoʻqligi vaj qilinib, rad etiladi.

Tabiatan kuyinchak, ayniqsa, yoshlar taqdiriga beparvo munosabatga jim qarab turolmaydigan Shavkat Mirziyoyev shashtidan qaytmadi. Bu ogʻriqli masalani hal etishning boshqa yoʻllarini izlay boshladi. Shaharchaga barcha davlat idoralari va yirik korxonalar rahbarlarini taklif qilib, mavjud ahvol bilan tanishtirdi. Yigʻilishda ishtirok etganlarning koʻpchiligi qurilish va taʼmirlash ishlari uchun imkon doirasida homiylik mablagʻlarini ajratishga tayyor ekanini bildirdi.

Har qanday murakkab vaziyatda ham uzoqni koʻzlab, oqilona qaror qabul qila oladigan bir shaxsning tashabbusi bilan mana shunday murakkab muammoga yechim topilgandi oʻshanda. Bu nafaqat yoshlar, balki ular timsolida butun xalqimizni rozi qilish yoʻlidagi jasoratli qadam edi.

Yertoʻlalari suvga toʻlgan, nurab borayotgan binolar jadal surʼatlarda olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida qisqa fursatda butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Maʼnaviyat markazi barpo qilinib, talabalar turarjoylarining oʻzida kutubxona, dars tayyorlash, ovqatlanish va kompyuter xonalari, sport bilan shugʻullanish uchun trenajyor zali, hatto kir yuvish uchun alohida sharoitlar yaratildi.

Taʼbir joiz boʻlsa, “Yoshlik” talabalar shaharchasi qaytadan tugʻildi. Bu yerda turli koʻrik-tanlovlar, sport musobaqalari, taniqli ijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot kechalari muntazam oʻtkaziladigan boʻldi. Talabalar hayoti madaniy mazmun bilan boyidi. Shu saʼy-harakatlar misolida “Obod mahalla” dasturi aynan talabalar shaharchasidan boshlangan edi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Zamon oʻtgani sayin har bir ish, har bir hudud muayyan takomillashuv, yangilanishni talab qiladi. Shu maʼnoda, joriy yil boshida Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti va “Yoshlik” talabalar shaharchasi hududida keng koʻlamli qurilish hamda obodonlashtirish ishlariga kirishildi. Bu yerdagi qaynoq jarayonni koʻrib, mamlakatimizda yoshlarga boʻlgan eʼtibor naqadar yuksakligini yaqqol his qilasiz. Hududda zamonaviy shaharsozlik talablariga mos va oʻziga xos arxitekturaga ega piyodalar hamda velosiped yoʻlaklari, avtoturargohlar barpo etilmoqda. Yoʻllar asfaltlanib, yashil hududlar yaratildi, irrigatsiya tarmoqlari yangilandi.

Bugun “Yoshlik” talabalar shaharchasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli saʼy-harakatlar yoshlarning ham kayfiyatiga ijobiy taʼsir etayotgani shubhasiz.

Navbatdagi maqolamizda 2005 — 2011 yillarda Toshkent shahar hokimi boʻlgan Abduqahhor Toʻxtayevning oʻsha davr haqidagi esdaliklari bayon etiladi.

Bizni kuzatib boring!

 

2005 yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi (2-qism).

2005 yil. “Vuzgorodok”. Shavkat Mirziyoyev imkonsizlikda imkon topgan edi (3-qism).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?