200 nafar talaba suv xoʻjaligiga ishga jalb etiladi

15:57 13 Iyun 2019 Jamiyat
375 0

Illyustrativ foto

Har qanday sohada samaradorlikka erishish zamonaviy, mustaqil fikrlaydigan, bilimli va tashabbuskor kadrlarga bogʻliq. Bunday mutaxassislar esa oliy oʻquv yurtlarida shakllanadi. Shunday ekan, ayni paytda vazirlik hamda idoralar, korxonalar oʻquv muassasalari bilan qanday aloqa oʻrnatmoqda? Bilimli kadrlar yetarlimi?

Binobarin, hech bir soha rivojini ularsiz tasavvur etish mushkul. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan mazkur tizim uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida shu haqda soʻz yuritildi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2018-yil 17-apreldagi qaroriga muvofiq, tashkil etilgan vazirlik tizimiga hozirgi kunda 280 ta byudjet, 72 ta xoʻjalik hisobidagi tashkilot biriktirilgan boʻlib, ularda qariyb 40 ming nafar mutaxassis-xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning 7400 nafari oliy maʼlumotli mutaxassislar boʻlsa, 18256 nafari oʻrta maxsus va 14267 nafari oʻrta maʼlumotga ega.

Mamlakatimiz suv xoʻjaligi tizimiga mutaxassis-kadrlar, asosan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tomonidan yetkazib beriladi. Shu bois vazirlik bilan ushbu institut oʻrtasida tuzilgan shartnomaga koʻra, institut talabalari oʻquv-tanishuv va ishlab chiqarish amaliyotlarini tizimdagi tashkilot va korxonalarda olib boradi. Qolaversa, tizimni malakali kadrlar bilan toʻldirishda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va uning Buxoro filialini oxirgi uch yilda tamomlagan bitiruvchilarning maʼlumotlar bazasi shakllantirilgani qoʻl kelmoqda. Yaʼni ayni shu hamkorlik natijasida 300 ga yaqin yosh mutaxassislar sohaga jalb etildi.

Institutni joriy yilda davlat granti asosida bitirayotgan 200 nafardan ortiq talabalar Suv xoʻjaligi vazirligining yoʻllanmasi orqali tizim tashkilotlariga ishga yuboriladi. Aholi yashash hududlaridan uzoqda joylashgan obyektlarga ishga borganlar joy va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanadi.

Shu tarzda kelgusida har yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va uning Buxoro filialini irrigatsiya va melioratsiya yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida bitirganlar vazirlik yoʻllanmasi bilan ishga joylashtiriladi.

Dilshod ULUGʻMURODOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?