200 dan ortiq aktyor va aktrisa jalb qilinadigan “101-reys” filmining dastlabki tayyorgarlik ishlari boshlandi

18:17 26 Aprel 2018 Madaniyat
633 0

“O‘zbekkino” MA buyurtmasi bilan rejissor Akrom Shaxnazarov hamda prodyuser Ravshan Norbayev tomonidan suratga olinayotgan “101-reys” filmining suratga olish ishlariga tayyorgarlik jarayonlari boshlandi.

Film rejissori Akrom Shaxnazarov hamda prodyuseri Ravshan Norbayev tayyorgarlik jarayonlari oldidan “Daryo” nashriga intervyu berdi.
Film rejissori hamda prodyuseri filmdagi katta aktyorlar jamoasi hamda kasting ishlari haqida gapirib berdi.

Deyarli bir yildan buyon prodyuser Ravshan Norbayev bilan “101-reys” filmining ssenariysi hamda suratga olish jarayonlari haqida bosh qotiramiz. Mana nihoyat, filmni suratga olishimiz ham aniq bo‘ldi va so‘nggi tayyorgarlik hamda kasting ishlarini ham boshlab yubordik. Kastingga kelayotgan professional aktyorning ham, havaskor aktyorning ham savoli bir xil: “rolim kattaroq bo‘ladimi, ko‘proq gapirib, filmda ko‘proq ko‘rinamanmi?!”, ularga tushuntirishga harakat qilmoqdaman. “101-reys” filmi uchun 200 dan ortiq aktyor va aktrisalar kerak bo‘ladi. Chunki samolyotda ketayotgan oddiy yo‘lovchi xavfli, chigal, tahlikali vaziyatni ichki holati, ichki kechinmasi, ko‘zi bilan chiqarib bera olishi kerak.  Shuning uchun ham butun respublikamizda joylashgan hamda Toshkent shahrida joylashgan barcha teatrlarda faoliyat yuritayotgan aktyorlarni jalb qilmoqdamiz.

Akrom Shaxnazarov, “101-reys” filmining rejissori

“101-reys” filmining prodyuseri Ravshan Norbayev aktyorlar tanlovi hamda kasting ishlari haqida quyidagicha ma’lumot berdi.

Biz bu filmda tomoshabinlarning tasavvurini qiynamaslik uchun hamda film muvaffaqiyatli chiqishi uchun, hech kimga tanish bo‘lmagan, yosh, havaskor ammo favqulotda qobiliyatli aktyor va aktrisalarga katta filmda ilk bora imkon bermoqchimiz. “101-reys” kapitani Zarxo‘ja Saidazimov roliga ham butun respublikamizda joylashgan barcha teatrlarda faoliyat yuritayotgan aktyorlarni kasting qilib olishga qaror qildik. Agar Zarxo‘ja Saidazimov roliga teatrlardan ham munosib nomzod topa olmasak, qo‘shni respublikalardan ham nomzod izlashimiz mumkin. Shuning uchun kasting jarayonlari faqat fotosinovlardan emas, balki video sinovlardan ham iborat bo‘ladi. Biz barcha kasting jarayonlarini qadam-ba qadam “101-reys” filmining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga hamda OAVga ma’lum qilib boramiz.


Ravshan Norbayev, “101-reys” filmining prodyuseri

Ma’lumot uchun, “101-reys” badiiy filmi real voqeaga asoslangan bo‘lib, unda 2001-yil AQShning Nyu-York shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida Shimoliy Amerika havo hududida qiyin vaziyatda qolgan – bortida 180 nafar yo‘lovchi bo‘lgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga qarashli Boeing-757 samolyotining 101-reys ekipaji ko‘rsatgan jasorat haqida hikoya qilinadi.

Film postanovkachi rejissor — Akrom Shaxnazarov, bosh prodyuser — Ravshan Norbayev hamda Erkin A’zam badiiy rahbarligida suratga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?