20 masalani bir yoʻl bilan ishlagandan koʻra, bir masalani 20 yoʻl bilan ishlagan afzalroqdir — Yoxud taʼlim va milliy taraqqiyot haqida

17:47 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
395 0

zbekiston taʼlim tizimining oʻziga xosligi nimada? Shaxs shakllanishida maktab, oila va jamiyatning oʻrni qanday? Mamlakatimizda taʼlim sohasini rivojlantirish yuzasidan olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyatida qanday ezgu maqsadlar yotibdi?Tahlillarimiz shular haqida.

Ichki ogʻriqlar

Taʼlim jamiyatga shaxsni shakllantirib beradi. Bu shaxs davlat olib borayotgan islohotlar ja­rayonlaridan xabardor, hamqadam va faol boʻlishi lozim. Shuni bilish lozimki, fuqaro dunyoqarashi jamiyat va mamlakatda kechadigan jarayonlardan orqada qoladigan boʻlsa, davlat hokimiyati tomonidan qabul qilingan qonunlar “ishlamaydi”, har qanday nazorat ham kutilgan natijani bermaydi. Qachonki fuqaroning dunyoqarashi va intilishi amaldagi davlat hokimiyati faoliyatidan oldinda boʻlsagina, millat va mamlakat rivojlanadi, aks holda, taraqqiyot boʻlmaydi, jamiyat hayotida bitta joyda depsinish, turQunlik sodir boʻlaveradi.

Esimda, 1998-yilda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida ­tahsil olganimizda, yaponlarning JIKA agentligi ikki oylik seminar oʻtkazib boʻlgach, ulardan: “Bizda yer osti va yer usti boyliklari serob, xalqimiz aqlli, tirishqoq va mehnatkash boʻla turib, nega sizlarday yutuqlarga erisha olmayapmiz”, deb soʻraganimizda, “Muallimning ­maoshini uch baravar koʻtarsangiz, hammasi izga tushib ketadi, hatto korrupsiya ham kamayadi”, degan javobni olgan edik. Oradan shuncha vaqt oʻtib, bu gaplar zamirida naqadar ulkan haqiqat mujassam ekanini koʻrmoqdamiz. Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev tashabbusiga koʻra, maktab, litsey va ­institut muallimlarining maoshi oshirilib, jamiyatda oʻqituvchining obroʻ-nufuzini ­yuksaltirishga eʼtibor qarati­layotgani naqadar toʻgʻri qaror ekanligini anglab yetmoqdamiz.

Har bir mamlakatning taqdiri muallimga, taʼlim tizimining sifatiga ­boliq. Zero, ­Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, oʻqituvchi  kelajak bunyodkori! Ilm va maʼrifatsiz odam yoʻlini yoʻqotishi, orzularini roʻyobga chiqarishiga aqli va tajribasi yetishmasligini jadid bobolarimiz juda yaxshi anglashgan edi.

Jadidlar bilgan ichki ogʻriqlar oradan yuz yil oʻtgan boʻlsa hamki, milliy rivojlanishga toʻsiq boʻlib turibdi.

Shaxs yuksaklikka yetaklovchi kuch

Shaxs jamiyatda yetakchi kuch, ammo fikrlay boshlasagina, u davlatga suyanchiq boʻladi. Sobiq shoʻro tuzumida taʼlimda fan predmetlari miqdori va oʻqituvchi saviyasi talabga javob bersa-da, maktabning mafkuralashganligi davlatning oʻzi kabi jadal oʻzgarayotgan taraqqiyotdan orqada qoldi. Mustaqillikni qoʻlga kiritganimizdan keyin davlat tomonidan taʼlimni rivojlantirish, uni dunyoda oʻsib kelayotgan ehtiyojlarga javob berishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilindi, amaliy harakatlar ham boʻldi. Ammo bu soha ham milliy davlatchiligimizning shakllanish jarayonida amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalarga uygʻun holda, koʻzlangan iqtisodiy natijalarga erishish murakkab kechganligi bois, shaxsning har jihatdan yuksalishiga olib kelmadi. Albatta, bu moddiy-texnika baza nochorligi va sobiq tuzumdan meros qolgan psixologik muhit, oʻqitish usullarining eskirganligi bilan bogʻliq jarayonlar edi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi qariyb 20 yil eski boshqaruv andoza va shakllaridan voz kechish, demokratik qadriyatlarga oʻrganish davri boʻldi, desak xato boʻlmaydi. Xususiy mulkchilik va shaxs erkinligiga berilgan keng imkoniyatlar istiqlolning eng asosiy neʼmati boʻlsa-da, faqat soʻnggi yillarda bu huquqdan kechikib foydalanilmoqda.

2016-yil oxirida Shavkat Mirziyoyev erkin saylovlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanib, hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng, andoza va shakllar bugungi zamonga moslashdi. 2017-yilning fevral oyida tarixiy hujjat — Harakatlar strategiyasi qabul qilindi, bu — mamlakatni rivojlantirishning takomillashgan modeli boʻldi. Yurtboshimiz fuqaro, shaxs huquqlarini kengaytirish yoʻlida dadil qadamlarni tashladi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari ­xalqimizga xizmat qilishi kerak!” degan gʻoya, shior koʻpchilikning koʻnglidagi uzoq yillik orzular edi. “Shaxs kim?” degan savolga javob topildi.

Ha, shaxs — buyuk islohotchi, jamiyatni orqasidan ergashtiruvchi, qudratli kuch. Agar shaxsga raqobat muhiti yaratilsa, huquq va erkinliklari himoya qilinsa, tadbirkorlik ishlarining rivoji uchun yerlar, kreditlar ajratilib, u oʻzini-oʻzi moddiy va maʼnaviy taʼminlashga oʻta boshlasa, bundan jamiyat ham, davlat ham katta naf koʻradi. Toʻq yashashni istagan tadbirkor, fermer, muhandis, quruvchi ham, aslini olganda, ilm va maʼrifat ziyosidan oziqlangan, oʻqimishli, fikrlovchi shaxsdir.

Xitoy, Yaponiya, Singapur kabi davlatlar ilm-fanni tizimli rivojlantirish, ilm va ishlab chiqarish aloqasini mustahkamlash, samarador siyosiy tizimni yaratib, ochiq jamiyatni qura boshlaganidan soʻng, investitsiya oqimi mamlakatga oqib kirdi, qarabsizki, 30 — 40 yilda ular jahonning ilgʻor mamlakatlari qatoridan oʻrin oldilar. Yangilanayotgan Oʻzbekiston ham hozirda shu oqilona yoʻlni tanlagan...

Bilimsizlik – yomonliklar manbai

Maktab  bilim maskani. Bolalik va oʻsmirlikda olingan bilim umr boʻyi insonga doʻst, hamroh boʻlib xizmat qiladi. Ilm – shaxs takomili, taraqqiyot yoʻli demak. Allomalarimiz yozishadiki, bilimsizlik  barcha yomonliklar manbai, bilimsiz inson oʻziga eng katta yomonlikni tilagan boʻladi. Bugungi oʻquvchi yoki talaba, katta yoshdagi kishi bilimdon boʻlsa, mamlakatimizda va jahonda roʻy berayotgan voqea-hodisalarga xolis baho bera oladi, toʻgʻri xulosa chiqaradi va oʻz hayotini oʻzgartirishga qodir boʻladi.

Bilimli, maʼrifatli, keng fikrli boʻlishning asosiy omili kitob  baland choʻqqini egallashga qoʻyilgan narvonlardir. Badiiy, oʻquv, ilmiy kitob oʻqish nafaqat dunyoqarashni kengaytiradi, balki dunyoviy, diniy savodxonligimizni oshirib, yozma va ogʻzaki nutqning boyishiga sababchi boʻladi. Mutolaani yaxshi koʻradigan, madaniyatli kishi bilan suhbat qurish, oʻzaro fikr almashish barchaga zavq, huzur bagʻishlaydi. Kitob oʻqimaydigan odam oʻzining emas, atrofdagilar, koʻchaning fikri bilan yashaydi, boshqalar koʻrsatmasiga asosan hayoti qanday oʻtib ketganini bilmay qoladi. Yomon koʻchalarga kirib qolishi oson kechadi.

Mustaqillik yillarida bilim olish, kitobxonlik bobida ayrim muammolarga duch keldik. Xususan: mamlakatda yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarning mavjudligi; odamlarning kundalik hayot ehtiyojlaridan mablagʻi ortmaganligi; taʼlim (maktab, kollej, institut) moddiy bazasining zaiflashganligi; bilimli, tajribali oʻqituvchilarning taʼlim tizimidan butunlay ketib qolganligi; taʼlimning nufuzi ancha tushib ketishi oqibatida oʻsmir-yoshlarning unga ehtiyoji soʻnib borganligi, qiziqishi kamayganligi; taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqalarning rivojlanmaganligi; mamlakatimiz bozor munosabatlariga oʻtishi jarayonida bu qiyinchilik oldida yoshlarimizning bilim olishga qiziqishi soʻnganligi hamda kundalik hayot kechirish muammolariga oʻralashib qolganligi, albatta, oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatdi.

Bugun mamlakatimizda yana kitoblar mutolaasi madaniyatini, nashr etish va tar­qatish ishini rivojlantirishga eʼtibor kuchayganligi zamirida ham har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash masalasi yotibdi. Ammo respublikamizda kitob savdosi tizimining izdan chiqqanligi, mustaqil qoQoz sanoatining mavjud emasligi omillari jadidlar taʼkidlaganidek, noshirlik, kitobat tizimini zaiflashtirdi, ayniqsa, shoirlar, yozuvchilar, tanqidchilar, tarjimonlar ajoyib-gʻaroyib gʻoyalarining kitob holida omma qoʻliga yetib bormayotganligi yoshlar qalbida ona yurtini Navoiy, Boburday chin yurakdan sevish, ardoqlash, jonini fido qilish tuygʻularini shakllantirish jarayonini ancha kechiktirib yubormoqda.

Bugun taʼlimga qoʻyiladigan talablar

Olimlarning taʼkidicha, kishida, avvalo, beshta qobiliyat: koʻrish, gapirish va ­eshitish, sezish, diqqat qilish, fikrlash yaxshi shakllanishi zarur ekan. Aslida, fikrlash aqliy mehnatning beshinchi omili, yaʼni oldingi toʻrtta omilning birga ishlashi demak. Bizningcha, maktab muallimining ­asosiy vazifasi oʻquvchilarda ana shu fikrlash sanʼatini egallash, uni tezroq shakllantirish boʻlmogʻi darkor. Bir alloma aytganidek, ­yigirma masalani bir yoʻl bilan ishlagandan koʻra, bir masalani yigirma yoʻl bilan ishlagan afzalroqdir. Ochigʻi shuki, fikrlamaydigan bola katta boʻlsa, oʻz yoʻli va maqsadiga erishishi qiyin kechadi. Sababi, fikr — inson botiniy (ichki) qiyofasi aks etgan koʻzgu hisoblanadi.

Fikrsizlik — madaniyat kushandasi, maʼnaviy oʻlim! Fikri yoʻq odamning qiyofasi ham boʻlmaydi, deydilar. Fikr yoʻq joyda olomonlik va johillik koʻpchiydi. Bu fikrimizga dunyoda boʻlib oʻtayotgan favqulodda holatlar guvohlik beradi.

Eng yomoni, oʻqimagan, fikrlashni xohlamagan kishining farzandlari va avlodlari ham shunday holga tushadi. Oʻzbek maktab tizimining eng muhim nuqsoni, kamchiligi kundalik hayotimizda yoshlar oʻrtasida mustaqil fikriga ega boʻlmaganlarning paydo boʻlayotgani hodisasi. Bu holatdan qutulish uchun bogʻcha  maktab  universitetda “Tafakkur ustaxonalari” tizimining ishlashi tarafdorimiz.

Jamiyatda fikr boʻlsagina, u yangilanadi. Qotib qolgan yoki bir xil qolipdagi qarashlar va fikrlar bilan yashash bir kuni jamiyatni ham iqtisodiy, ham maʼnaviy tanazzulga olib keladi. Yevropa taraqqiy etishdan oldin uning fikri va sanʼati, falsafasi taraqqiy etdi, u ijtimoiy fikrga turtki va quvvat berdi, xilma-xil “oʻzlik”lar orqali xilma-xil gʻoyalarga yoʻl ochildi. Bu gʻoyalar ichida, albatta, iqtisodiy, texnikaviy, ilmiy gʻoyalar ham bor edi. Yevropa ana shu fikr­larga va gʻoyalarga yoʻl berdi, uni amalga oshirishga imkoniyat yaratdi.

Yevropaliklar bilim, maʼrifat, tenglik, fidoyilikni ustuvor sanab, unga amal qilib, Sharq xalqlari ilm-fani, kitoblari ila oziqlanib, XVI asrlardan soʻng, taraqqiy eta boshladilar. Biz esa ilm maktablari yaratgan oʻlkadan, xom ashyo yetishtiradigan kambagʻal mamlakatga aylandik. Nega bunday boʻldi, degan haqli savol tugʻiladi. Javoblar haddan ziyod koʻp, ammo...

Muammo soha tizimida ekan

Yaqinda bir tahliliy maqolani sinchiklab oʻqib chiqdim. Bizning iqtisodiy taraqqiyotdan orqada qolishimizga asosiy sabab taʼlim tizimida ekan. Islomoboddagi ilmiy-tadqiqot markazi professori, doktor Farrux Salimning fikricha, Xalqaro islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo 57 ta davlatda 500 ta universitet, AQSHda 5578 ta universitet, bir million musulmonga 230 nafar olim, AQSHda bir million kishiga 4000, Yaponiyada 5000 olim toʻgʻri kelar ekan. Musulmon dunyosi ilm-fanga yalpi ichki mahsulotining 0,2 foizini, arb esa 5 foizini sarflaydi. Buyuk Britaniyada bir million kishiga har yili 2000 ta yangi kitob chop etilsa, Misrda bir million aholiga 20 ta kitob nashr qilinadi, demak, 100 baravar kam kitob oʻqiladi, deydi olim. Saudiya Arabistoni, Marokash, Kuvayt, ­Jazoir eksportining 0,3 foizi, Singapur eksportining 58 foizi yuqori texnologiyalarga toʻgʻri keladi. Ilm-fan, texnologiyalardan toʻla foydalanish va foyda koʻrish hisobiga AQSH yalpi ichki mahsuloti 18, ­Xitoy 16, Yaponiya 4,2, Germaniya 3,4 tril­lion dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi. Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo 57 davlatning bir yillik umumiy yalpi ichki mahsuloti 3 trillion dollarga ham bormaydi.

Buning ustiga globallashuv sharoitida yana bir maʼnaviy xavf-xatar iskanjasiga tushib qoldik. Taxminan 2000-yildan boshlab, internet yordamida “ommaviy madaniyat” va ommaviy tafakkurning yopirilib kelishi milliy taʼlim va tarbiya ishini tub mohiyatidan chalgʻitdi. Haqiqiy maʼnaviyat, adabiyot, sanʼat, ilm oʻrnini shou-biznes tafakkur tarzi egallamoqda. Televideniye, internet, ijtimoiy tarmoqlardagi yengil-yelpi, saviyasiz olomonga moʻljallangan, pul toʻplashdan boshqa maqsadi boʻlmagan “soxta madaniyat” shu kungacha ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan milliy gʻurur, did va farosatimizni oʻtmaslashtirib qoʻydi, nazarimizda. Bundan, ayniqsa, bilim va maʼrifati zaif yoshlarimiz koʻproq maʼnaviy jabr koʻrmoqdalar...

Globallashuv ota-onalarni ham oʻz komiga tortmoqda. Milliy kino, milliy adabiyot, xususan, bogʻcha, maktab tizimi u qadar rivojlanmaganligi bois oʻarb mafkurasi turli yoʻl va usullar bilan bolalar va yoshlarni, hatto kattalarni qiziqish doirasiga torta boshladi. Xorijiy filmlar mafkurasi bizning milliy mafkura va fikrlash tarzimizga koʻp ham toʻgʻri kelmasligini yaxshi bilsak-da, oilaviy mojarolardan iborat filmlar (shaxs ­dunyoqarashini boyituvchi badiiy baquvvat kinolentalarni Yevropa davlatlariga, bizga esa sayozlarini “sovgʻa” qilishadi)ning doimiy isteʼmolchisiga aylanib ulgurdik.

Maktab oʻqituvchisi va onalar ham shu yengil-yelpi kinoseriallarni yillar davomida oʻta qiziqish bilan koʻrganidan ke­yin oʻquvchi, farzandining koʻngli, raʼyiga qarshi borarmidi? “Har bir oila oʻz farzandlarini har qanday mafkuraviy tajovuzkorlikdan himoya qilishga tayyor boʻlib turishi kerak”, degan edi buyuk qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatov. Demak, bu borada ham maʼnaviy “boʻshliq” vujudga kelganligidan koʻz yumolmaymiz.

Nobel mukofoti sohibi boʻlish uchun nima qilmoq kerak?

Jadid bobomiz Abdulla Avloniy “Kim nimani yaxshi koʻrar?” nomli badiasida bundan yuz yil muqaddam jamiyatdagi holatni shunday baholagan: “Ehtimol, bizning xalq ilmu maʼrifatni, tarbiya va taʼlimni, hunar va sanoatni yaxshi koʻrar, deb oʻylaydurgʻondursiz? Yoʻq, bu fikringiz yanglish... Onalarimiz bilim va ­tarbiya oʻrniga erlari ila urushub-talashub qizlarigʻa mol qilmakni yaxshi koʻrurlar”.

Ha, oʻsha vaqtdayoq, jamiyatga yot unsurlar kirib kelgan, maqsad sari intilish oʻrniga ozgina chalasavodligimiz tufayli “maydalashish”, moddiyatchilikka intilish jarayoni boshlangan ekan-da.

Yaponlarda wa (uygʻunlik) tushunchasi mavjud. Mamlakatda siyosiy modernizatsiya “yapon ruhiyati — arb texnikasi” (vakon-yosay) shiori ostida kechgan. Bunda “vakon” anʼanaviy madaniyat, maʼnaviy qadriyatga bogʻlanib dunyoni idrok etish, “yosay” — zamonaviy madaniyat, sivilizatsiya maʼnosini anglatadi. Yapon pragmatizmining boshqalardan farqli jihati shundaki, anʼanaviy milliy qadriyatlarini saqlaydi, ehtimoliy halokatlarni ehtiyotkorlik bilan chetlab oʻtgan holda, yangiliklarni qabul qilaveradi. Aholining yangicha sharoitga moslashish qobiliyati: boshqa sivilizatsiyalar unsurlarini yaxshi oʻzlashtirishi, ularni oʻz milliy qadriyatlarining tarkibiy qismiga kiritishi bilan belgilanadi. Ular 1950-yillarda Yevropa va AQSH texnologiyalarini oʻzlashtirish baravarida, milliy ruhiyatini saqlagan holda, Gʻarbni iqtisodiyotda quvib oʻtdi. Bunday koʻrsatkichlar ildizida esa ilm-fan va texnologiya uygʻunligi yotadi. Xitoylar ham, koreyslar, nemislar ham faqat shu yoʻl bilan qoloq davlatdan boy davlatga aylandi. Taʼlim tizimi ularni qutqardi va yuqori darajaga olib chiqdi. Ertangi kun bilimni chuqur egallagan jamiyatlarniki boʻlib qoladi. Biz oʻzbeklar ham eʼtiborimizni ilm-fan, taʼlim tizimining rivojlanishiga qaratishimiz zarur, nazarimda.

“Oʻzbeklardan ham Nobel mukofoti ­sovrindorlari chiqishi mumkinmi”, degan savolga kelsak, buning uchun ilmga, ilmlilarga, oʻqituvchilarga rabat tizimi yaratilishi lozim. Yurtimizda ilk marta tashkil etilgan Prezident maktablari, ijod maktablari, matematika maktablari bitiruvchilari bilimi, gʻayrati har tomonlama qoʻllab-quvvatlansa, ushbu orzu-niyatlarimiz amalga oshadi, degan umiddamiz.

Rivojlanish zaminida maʼrifat yotadi

Millatimiz nimaga erishsa yoki qaysi jabhada oqsasa, uning ildizida maʼrifat va taʼlimning taraqqiyoti yoki oqsashi yotibdi, deb aytish mumkin. Shu boisdan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan soʻng, taʼlim va tarbiya borasida misli koʻrilmagan oʻzgarishlarni amalga oshirishni koʻzlamoqda. Buning sababi maʼlum: maktab, universitet — jamiyat ustuni!

Keyingi yillarda jahonda va Oʻzbekistonda taʼlimni rivojlantirish, uni tubdan qayta oʻzgartirishda aniq yoʻnalishlar paydo boʻldi. Ularning birinchisi, taʼlimni tubdan demokratlashtirish; ikkinchisi, uzluksiz taʼlim gʻoyasi, soʻng “taʼlim  bir umrga” gʻoyasini “taʼlim  butun umr davomida” gʻoyasiga almashtirish; uchinchisi, bu nafaqat mutaxassislarni tayyorlash vositasi, balki jamiyatga ongli, fidoyi insonlarni yetkazib berish; toʻrtinchisi, taʼlimning globallashuviga erishish; beshinchisi, taʼlimni axborotlashtirish.

Mamlakatimizda taʼlim davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan, qolaversa, millatni asrash masʼuliyatini oʻzining zimmasiga olgan tizim. Bu borada soʻnggi uch yilda yurtimizda sezilarli qadamlar tashlandi. Misol uchun, 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab, mamlakatimizda ­Prezident maktablari ochildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad taʼlim jarayonida ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash orqali iqtidorli bolalarni aniqlash va oʻqitish tizimini shakllantirish, maʼnaviy boy va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash kafolatlarini taʼminlashdan iborat. Respublikaning 14 hududida bittadan ochilayotgan ushbu maktablarga umumtaʼlim muassasalarining toʻrtinchi sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli hamda iqtidorli bolalar ­tanlov asosida qabul qilinmoqda. ­Prezident maktablariga qabul Kembrij universiteti imtihon kengashi (Buyuk ­Britaniya) tomonidan oʻtkazilmoqda.

Dunyo tajribasini koʻrsak, Amerika, oʻarbiy Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlari taraqqiyotida, bizdan farqli ravishda, fan va ishlab chiqarishning uygʻunligi, transformatsiya jarayonlari oʻzaro bogʻliqlikda amalga oshirilgan. Misol uchun Germaniya  uzoq asrlarga borib taqaluvchi ilmiy maktablari, Gyote, Gegel, Betxoven, Nitshe, Eynshteyn, ­Gumboldt singari olim va ijodkorlari bilan tilga tushgan. Xalqaro doirada eʼtirof etilgan nemis taʼlim dargohlarida mustaqil fikr, keng dunyoqarash shakllanishiga alohida eʼtibor beriladi. Germaniyada maktabgacha taʼlim muassasalari davlat tizimiga kirmaydi. Demak, fuqarolar boy, millatni ­tarbiyalash masalasini oʻzining zimmasiga olgan. Bolalar bogʻchasi xayriya ­jamQarmalari, mahalliy hokimiyat hamda cherkov vasiyligida faoliyat yuritadi. Shu sababdan, nemislar bochalarni ­“tafakkur ustaxonasi” deb ataydi.

Yurtimizda ham dovrugʻ yoygan bilim, maʼrifat maskanlari anchagina. Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi matematika litsey-maktabi shular jumlasidan. Necha yildirki, mazkur maktabda tahsil olgan abituriyentlarning 90 foizi talaba boʻlmoqda. Shu oʻrinda, “Nega Qorakoʻl maktabidan 90 foizdan ortii oliy oʻquv yurtlariga kiradi-yu, boshqa maktablarda bu koʻrsatkich 45 — 50 foizni tashkil qiladi”, degan oʻrinli savol tugʻiladi. Buning sabablari koʻp. Birinchidan, adolat prinsipiga tayanib, oʻquvchilar qabul qilinadi va tanish-bilishlikka yoʻl qoʻyilmaydi; ikkinchidan, darslar Buyuk Britaniya, Rossiya, Singapur kabi ilgʻor mamlakatlarning taʼlim dasturlariga koʻra, ishlab chiqilgan aniq fanlar boʻyicha maxsus dasturlar asosida oʻqitiladi; uchinchidan, respublika va xalqaro fan olimpiadalarining gʻoliblari boʻlgan malakali trener-oʻqituvchilar faoliyat yuritadi. Ular umumtaʼlim maktablarining 5 — 11-sinf oʻquvchilarini matematika, fizika va kimyo fanlaridan shahar, respublika hamda jahon miqyosidagi fan olimpiadalariga, Prezident maktablariga tayyorlashadi. Oʻozirgi kunga qadar markaz oʻquvchilari nufuzli jahon fan olimpia­dalarida 2 ta oltin, 8 ta kumush va 10 ta bronza medallarni qoʻlga kiritishdi. Muhimi, mehnati va koʻrsatkichiga qarab, oʻqituvchilarga ham katta mukofot beriladi; toʻrtinchidan, yutuqlarning yana bir kaliti oʻquv markazida oʻquvchilar va abituriyentlarning bilimlarini nazorat qilish boʻyicha muntazam monitoring va tizimli tahlil yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, baholashda korrupsiya holati yuz bermaydi.

Yaqinda qutlu dargohga Xalqaro matematika maktabi maqomi berilganini eshitib, rosa quvondim. Endilikda tajribadan oʻtgan, shakllanib ulgurgan shu tizimning tajribasini aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan barcha maktablarga qoʻllanilishini taklif etgan boʻlardim.

Zamonaviy darajaga koʻtarish imkoniyati

Maqola boshida aytganimiz  yaponiya­lik mutaxassislar bundan 20 yil oldin Toshkentda orzu qilgan vazifa nihoyat roʻyobga chiqmoqda: muallimning iqtisodiy muammosi hal etilib, oylik maoshi birmuncha oshmoqda. Oʻqituvchi oʻquvchining barcha qiziqishi, salohiyatini koʻra biladigan hamda yuksalishi uchun bor kuchini beradigan jamiyatda yetakchi shaxsga aylanmoqda. Uning vazifasi  bolaga bilim berish, oʻquvchilarini individuallikdan mahrum qilmaslik va shaxsiy fikrga ega boʻlishini man etmaslikdir.

“Men hech qachon oʻz oʻquvchilarimni oʻqitmayman, bor-yoʻgʻi ular oʻqib-oʻrganishi uchun sharoitni taʼminlashga harakat qilaman”, degan edi Nobel mukofoti sohibi, fizik olim Albert Eynshteyn.

Darsni qiziqarli oʻtish — sanʼat. Qadimgi yunon faylasufi Suqrot: “Men hech kimga hech narsa oʻrgata olmayman, bor-yoʻgʻi ularni fikrlashga majbur qila olaman”, deganida mutlaqo haq edi. Demak, bir asr oldin tizimga majburan kiritilgan yodlash usullaridan voz kechish, oʻquvchi va talabani mustaqil fikrlashga oʻrgatish, fikrini charxlashga doir butunlay yangi pedagogik usullarni tatbiq etish, oʻqituvchini ragʻbat­lantirishni ham davom ettirish vaqti keldi.

“Taʼlim tizimini, ayniqsa, oliy taʼlimni korrupsiya illatidan butkul halos etishimiz zarur. Tahlillarga koʻra, oliy taʼlimda korrupsiya holatlari deyarli barcha bosqichlarda mavjud, — deb bayonot berdi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva­ Senatning 2020-yil avgustda boʻlib oʻtgan 6-yalpi majlisida. — Taʼlim sifatida bu holatlar salbiy taʼsir koʻrsatibgina qolmay, mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarining xalqaro reytinglardagi oʻrnini ham tushiryapti”. Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari bu reytingda past koʻrsatkichga ega boʻlmoqda. Bu haqqoniy fikrlar, rasmiy bayonotlar tizimni zamon talablari ­asosida butunlay qayta isloh qilish ­zarurligini taqozo etmoqda.

Toʻgʻri, bugungi pandemiya sharoitida taʼlim sohasida keskin oʻzgarish qilishning imkoniyati yoʻq. Ammo bizningcha, vaziyat yumshagandan keyin oliy oʻquv yurtlarida oʻqitishning sifatini yuksaltirish uchun bir qator vazifalarni ado etish tarafdorimiz. Jumladan: oʻzlashtirmagan talabani kursdan kursga qoldirish, imtihonni ­(ballni) topshirolmagan talabaning har bir oʻzlashtirmagan fani uchun rasmiy pul toʻlashini taʼminlash; talabaning ertalab soat 9 dan to soat 17 gacha oliy oʻquv yurtida boʻlib, oʻz ustida tinimsiz ishlashi uchun shart-sharoitni yaratish va boshqalar. Bular hammasi sohada korrupsiyaning keskin kamayishiga olib kelishi mumkin.

Uzoq yillik tahlillar va tajribadan kelib chiqib, taʼlim tizimini takomillashtirishga oid quyidagi takliflarni ham bildirib oʻtmoqchimiz: birinchidan, moddiy bazani kuchaytirish; ikkinchidan, oʻqituvchining moddiy farovonligi va nufuzini oshirish; uchinchidan, jamiyatda ziyoli ahlining obroʻ-eʼtiborini yana-da koʻtarish, xususan, xorijga ketib qolishlarning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritish; toʻrtinchidan, xususiy taʼlimni rivoj­lantirish uchun imkoniyatlarni yaratish; beshinchidan,oʻquvchi va talabaga bilim berish, oʻqitishda asosiy mezon sifatida tizimni mustaqil fikr yuritishga ­yoʻnaltirish; oltinchidan, taʼlim tizimini zamonaviylashtirishda milliylikning barbod boʻlishiga olib kelmasligini ­taʼminlash kabilar strategik vazifamizga aylanishi lozim.

Xalqning, mamlakatning buyukligini tarannum etadi

Yurtboshimiz 2018-yildayoq “iqtiso­diyot shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda, oliy taʼlim tizimi taraqqiyotning ­lokomotivi boʻlish oʻrniga, zamon bilan hamqadam boʻlmayotgani achinarlidir”, deb tizimni keskin tanqid qilgan edi. Shundan soʻng, taʼlimda sezilarli islohotlar amalga oshganiga qaramasdan, ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyasi yoʻnalishida ishlar oxiriga yetkazilmay qoldi. Yangi ochilgan Innovatsion rivojlanish vazirligi yakka oʻzi yirik sanoat, ishlab chiqarish, xizmatlar sohasiga ixtirolarni joriy etish bilan bogʻliq bu ogʻir masalani hal qilishga kuchi yetmaydi.

Mamlakatimizda Harakatlar strategiya­si, Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilingani, parlament ustuvorligiga erishish yoʻlida qadamlar tashlangani, vazirlik, hokimlik tizimlarining funksiyalari nodavlat tashkilotlariga oshirilayotgani jahon jamoatchiligi tomonidan eʼtirof etilmoqda. Shu oʻrinda, mazkur siyosiy hujjatlarning asosiy ijrochisi boʻlgan xalqimizning demokratik ­asosiy tushunchalari, bozor iqtisodi tamoyillarini qabul qilishga tayyorgarlik darajasi holati haqidagi chuqur tahliliy maʼlumotlarga katta ehtiyoj tuQilmoqda. Bu kelgusi islohotlar rejasini puxta ­ishlab chiqishda juda asqatadi, degan fikr­damiz. Bizningcha, uzoq yillardan buyon faoliyat olib borayotgan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markaziga muqobil boʻlgan markazlar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Mamlakatimizda barcha sohada kechayotgan jadal oʻzgarishlar bilan bir vaqtda, fuqarolarimiz ongi, ­dunyoqarashi va xatti-harakatlarida shakl­lanayotgan yangicha qarashlar, oʻzgarayotgan Oʻzbekistondagi yangi bosqichlarning imkoniyatlari ana shunday institut va markazlarni tashkil qilish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Bu davr talabi, jamiyatning ehtiyoji.

Fuqaro  jamiyat — davlatning oʻzaro munosabatlarini muvozanatlashtirish bobida sohibqiron Amir Temurning ilm-fan, maʼrifatni rivojlantirishga doir inqilobiy islohotlari mohiyatini ilmiy oʻrganish, xulosalar chiqarish yoʻnalishida ham qiladigan ishlarimiz talaygina. Respublikamizda Amir Temur merosini oʻrganish ilmiy markazi tashkil etilib, bu tadqiqotlarning natijasi ijtimoiy-siyosiy hayotimizda qoʻllanilishiga erishsak, jamiyat va fuqarolarimiz ijtimoiy faoliyatida maʼnaviy-ruhiy uyQonish, kelajakka ishonch kayfiyati paydo boʻlardi.

Oqqan daryo oqaveradi

Keyingi yillarda umumtaʼlim, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tizimida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. ­Davlatimiz rahbari qaroriga muvofiq, maktabgacha taʼlim tizimi yangitdan shakllantirilgani, maktab, akademik litseylar faoliyati takomillashuvi, xorijning oliy oʻquv dargohlari ochilib, oliy taʼlimga qabul kvotalarining kengaytirilgani, ustoz-murabbiylarning moddiy hamda maʼnaviy ragʻbatlantirilgani jamiyatda muallimning obroʻ va nufuzini oshirib yubordi. Shuningdek, atoqli shoir-yozuvchilarning ijod maktablari, Prezident maktablari, Adiblar xiyoboni tashkil etildi. Darhaqiqat, jamiyat hayotida yangicha qarashlar, oʻziga xos yondashuvlar paydo boʻlmoqda. Masalan, umumiy oʻrta taʼlim bosqichida kasbga oʻrgatish tizimi mehnat bozori talablariga moslashtirilmoqda. Oliy taʼlimda ham nazariya va amaliyot birligiga erishish, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash borasida harakatlar boshlangan. Pirovardida, ushbu tashkiliy-huquqiy ishlarning natijasi Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotida tezroq namoyon boʻlishi va xalqimiz farovonligining yuksalishiga xizmat qilajagiga ishonamiz.

“Men Singapurda moʻjiza yaratmadim. Men faqat Vatanim oldidagi burchimni bajardim, xolos. Davlat byudjetini taʼlimga yoʻnaltirdim, — deydi Singapur bosh vaziri Li Kuan Yu. — Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga koʻtardim. Davlatdagi “moʻjiza”larni qilgan insonlar muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan, kamtar avlodni yetishtirib chiqardilar. Buning uchun ulardan minnatdormiz!”.

Oʻzbekiston — ulkan imkoniyatlar mamlakati. Taʼlim tizimining oʻzida minglab islohotlar, buyuk oʻzgarishlar ­navbat kutib yotibdi. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda “taʼlim markaz”laridan biri boʻlishga daʼvogarlik qilmoqda. Buning uchun xalqaro reytinglarga kirgan universitetlarimiz qani? Respublikamizda ilmiy natijalarni, ixtirolarni tijoratlashtirishning samarador mexanizmi hozirga qadar yaratilmaganini ham aytib oʻtmoqchimiz. Birgina shu omilning oʻziyoq, qoʻshimcha koʻplab mablagʻlarni keltirib, universitetlar, Fanlar akademiya­si ilmiy-tadqiqot institutlarining iqtisodiy rivoji uchun yaxshi xizmat qilishi mumkin. Oʻzbekistonda intellektual mulk huquqi bozori (ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, shuningdek, kino, adabiyot va sanʼatga oid mualliflik huquqi egalariga sotilgan, teleefirga uzatilgan mahsulotlariga doimiy haq toʻlash) ham shakllanmagan. Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishining ­talablaridan biri  mualliflik huquqiga egalikni taʼminlashdan iborat. Bu borada qoʻshnimiz Xitoy yoki istalgan davlatlarning boy tajribasini oʻrganib, oʻzimizda qoʻllashga nima xalaqit beradi?

Bugungi kunda respublikamiz oldida anʼanaviy unsurlar va Harbiy innovatsiyalarni, oʻzbek ruhiyati va G`arb texnologiyalarini oʻzida birlashtirgan yangi mamlakat qiyofasini shakllantirishdek muhim vazifa turibdi. Ushbu modernizatsiya jarayonida shaxs harakatlantiruvchi, yetakchi kuch, lokomotiv boʻlib xizmat qilishini unutmaylik. Eng muhimi, mamlakatimizda jamiyatning ustuvor tarmoqlarida yirik qadamlarni tashlashga, ota-bobolarimizning shavkatini tiklashga imkoniyat mavjud. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqning, mamlakatning buyukligini tarannum etadigan jihatlarimiz koʻp. Avvalo, jahon andozasiga javob beradigan raqobatbardosh kadrlar tayyorlovchi mukammal taʼlim tizimini barpo etish uchun Xitoy, Yaponiya, Singapur, Malayziya davlatlarining taʼlim tizimi tajribasini oʻrganadigan ilmiy-amaliy markazlarning tashkil etilishi bu borada ulkan qadam boʻladi, deb hisoblaymiz.

“Oqqan daryo oqaveradi”, degan hikmatda gap koʻp. Koʻp asrlik tanaffusdan ke­yin allomalar yetishgan qadimiy oʻlkamizdan yana Samarqandiylar, Xorazmiylar, Buxoriylar, Termiziylar, Nasafiylar, jahon eʼtirof etgan olimlar va ixtirochilar, yetti iqlimni qalami bilan olgan maʼnaviyat arboblari, diniy ulamolar yetishib chiqishiga ijodiy zamin va muhit yaratilgani millatdoshlarimizga ishonch va umid tugʻdirmoqda.

Baxtiyor OMONOV,
siyosiy fanlar doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?