2 sotix maydon bilan 500 bosh qoramol boqish mumkin(mi?!)

09:29 23 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
420 0

Tashabbuskor Akbar Joʻraqulov Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida buning imkoni topibdi. U unumdor yer va suv resurslari cheklangan Navoiy viloyatida ilk yangi loyihani amaliyotga joriy etdi. Aniqrogʻi, “Nurli diyor parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari chorvachilik rivoji uchun “Gidroponika usulida ozuqa yetishtirish” loyihasini boshladi.

Atigi 180 metr kvadrat maydonni egallagan loyihada don maysa boʻlib koʻkargach, koʻklamdagidek yangi yoki koʻk ozuqa sifatida qoramol parvarishiga ishlatiladi. Toʻyimli va kaloriyali ozuqa mahsuloti ayniqsa, sutchilikka ixtisoslashgan chorvachilik tarmoqlarida yuqori samara berarkan. Yaʼni, mutaxassislarning taʼkidlashicha, sigirdan olinadigan sut miqdori 30 foizgacha oshishi tajribada oʻz tasdigʻini topgan.

Ushbu loyihani amalga oshirishda tadbirkor 1 milliard 365 million soʻmlik shaxsiy sarmoyasi hamda xorijiy valyutadagi bank kreditidan foydalandi. Ixcham va samarador loyiha natijasida 4 nafar aholining bandligi taʼminlandi.

Tadbirkorning taʼkidlashicha, bu yerda yiliga 1 kilogramm dondan 4,5-8 kilogrammgacha koʻk ozuqa yetishtiriladi. Mazkur moʻjazgina yer maydonini egallagan loyihada bu anʼanaviy 250 gektar maydonda yetishtirish mumkin boʻlgan quvvat hajmi oʻrnini bosadi. Qalovini topsa, qor ham yonadi, degani shu boʻlsa kerak.

Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?