2 nafar IIV xodimi 500 dollar pora bilan qoʻlga tushdi

19:21 17 Aprel 2019 Jamiyat
4387 1

Illyustrativ foto

Fargʻonada bir fuqaroga jinoyat ishi qoʻzgʻatish, qamatish bilan tahdid qilib, 500 dollar pora olgan 2 nafar ichki ishlar xodimi ushlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ”Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Ichki ishlar idoralari tizimida xizmat qilish murakkab va masʼuliyatli vazifadir. Tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishda bu sharafli kasb egalarining xizmati beqiyos. Afsuski, ular orasida oʻz burchini unutib qoʻyib, nafsini oʻylaganlar ham uchrab turibdi. Oltiariq tumani ichki ishlar boʻlimi huzuridagi tergov boʻlimi surishtiruvchisi Dostonbek Mavlonov hamda profilaktika inspektori Valijon Abdurashidovlar tamagirlik qilib, jinoyatga qoʻl urdi.

D. Mavlonovning xizmat vazifasiga jinoyatlarni fosh etish, oldini olish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash, ish yurituviga berilgan ariza, material yoki jinoyatlar boʻyicha surishtiruv va tergov harakatlari oʻtkazib, ular boʻyicha qonuniy qaror qabul qilish kirardi. Ammo u profilaktika inspektori V. Abdurashidov bilan til biriktirib, tamagirlik yoʻlini tanladi.

U oʻz ish yurituvidagi fuqaro E. Mamatovning “Neksiya-2” rusumli avtomashinasini oʻgʻirlanganligi holati yuzasidan S. Abdurahimovga nisbatan toʻplangan material boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish va maʼmuriy tartibda hal qilish evaziga 500 dollar pora berishni talab qilgan. Aks holda unga jinoyat ishi qoʻzgʻatish va qamash bilan tahdid qilgan. Albatta bu ishni profilaktika inspektori V. Abdurashidov yordamida amalga oshirishni reja qildi. S. Abdurahimov esa bu ikki nafar davlat organi mansabdor shaxslarining qilmishlari yuzasidan ariza bilan murojaat qildi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Fargʻona viloyat boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻz xavfsizligi boshqarmasining viloyat boʻyicha boʻlimi xodimlaridan iborat tezkor tergov guruhi tomonidan oʻtkazilgan tadbirda dastlab V. Abdurashidov oʻzining “Matiz” rusumli avtomashinasida kimyoviy ishlov berilgan 500 AQSH dollarini S. Abdurahimovdan pora tariqasida olgan.

Shundan soʻng tadbir davom ettirilib, D. Mavlonov oʻz xizmat xonasida 500 AQSH dollarini pora tariqasida olganda, u ham ushlangan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Rishton tuman sudida mazkur jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Sudlanuvchi D. Mavlonov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan aybdor deb topilib 6 yil, V. Abdurashidov esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.


Izohlar


Аҳад Муҳаммадиев

Бу ҳали мингдан бири бўлса керак. Ички ишларда коррупция ботқоғи жуда катта ва чуқурлашиб кетган

19:4117.04.2019