2-martdan toʻlov terminallari uchun vositachilik haqi joriy etiladi

17:12 28 Fevral 2020 Iqtisodiyot
401 0

Arxiv surat

Oʻzbekistonda 2-martdan toʻlov terminallari uchun vositachilik haqi joriy etiladi. Mamlakatning barcha savdo va xizmat koʻrsatish subyektlari uchun oʻrnatilgan toʻlov terminallari infratuzilmasida savdo tushumining 0,2 foizi miqdorida vositachilik haqi kiritiladi. Bu haqda Markaziy bank xabar beradi.

Hozirda xorijiy davlatlarda bank vositachilik haqining miqdori toʻlov vositalarining turlariga (debet/kredit kartalari, internet orqali onlayn toʻlovlar va h.k.), subyektlarning faoliyat turiga (davlat tashkilotlari, supermarketlar, aviakassalar, mehmonxonalar, restoranlar, dorixonalar) bogʻliq boʻlib, odatda 1 foizdan 3 foizgacha belgilanadi.

Toʻlov tizimlariga bepul xizmat koʻrsatilishi xalqaro standartlar talablariga mos kelmaydi, shuningdek, toʻlov xizmatlari va toʻlov infratuzilmasini rivojlantirishni, yangi toʻlov mahsulotlariga investitsiya kiritishni ragʻbatlantirmaydi.

Markaziy bankning taʼkidlashicha, bu tadbir bir tomondan toʻlov infratuzilmasini rivojlantirish uchun xarajatlarni qisman qoplashga, boshqa tomondan bank kartalari yordamida toʻlovlarni muntazam amalga oshiruvchi mijozlarga turli bonus, diskont va ragʻbatlantiruvchi dasturlarni (keshbeklar) taklif qilishga imkoniyat yaratadi, pirovard natijada esa naqd pulsiz hisob-kitoblarning koʻpayishiga olib keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?