2 yillik qonun buzilishini hamma jim kuzataveradimi?

10:49 07 Yanvar 2019 Jamiyat
545 0

Illyustrativ foto

Taniqli bloger va huquqshunos Xushnudbek XUDOYBERDIYEV oʻzining telegram-kanalida ikki yildan buyon yechimini topmay kelayotgan muammoni koʻtarib chiqdi. Quyida shu maqolani toʻliq oʻqishingiz mumkin.

Yaqinda homiladorlik va tugʻish taʼtili nafaqasini ish beruvchi hisobidan toʻlash tartibi 2020 yilgacha uzaytirilgani haqida xabarlar chiqdi. Shu masalada ancha avval bir muammoni koʻtarib chiqqandim, lekin hech narsa oʻzgarmadi. Yana qayta eslatmoqchiman.

Mehnat kodeksining 233-moddasiga binoan, ayollarga tugʻguniga qadar 70 kalendar kun va tugʻganidan keyin 56 kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda — 70 kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʻish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanadi.

Lekin 2 yildan buyon shu tizim qonunchilikka zid ravishda qoʻllanmoqda. Tushuntirishga harakat qilaman.

2016 yil 27 dekabr kuni Prezidentning PQ-2699-sonli qarori qabul qilindi va uning 23-bandida homiladorlik va tugʻish nafaqasiga oid quyidagicha qoida belgilandi:

ishga qabul qilingan kundan boshlab:

  • 6 oygacha – oʻrtacha oylik ish haqining 50% miqdorida;
  • 6 oydan 12 oygacha – ish haqining 75% miqdorida;
  • 12 oydan koʻproq vaqt – ish haqining 100% miqdorida nafaqa toʻlanadi.

Ushbu qaror davlat rahbari kemiruvchilarga taqqoslagan moliya tizimida ishlagan sobiq masʼullar tomonidan homilador ayollarning hisobiga byudjetni iqtisod qilish uchun ishlab chiqilgan edi (2016 yil dekabrda ularning asosiy qismi hali “egarda“ edi). Va oʻz navbatida bu xalqaro konvensiyalarga zid qaror edi.

XMTning “Onalikni himoya qilish toʻgʻrisida”gi 183-konvensiyasi 6-bandiga binoan, homilador ayollarga beriladigan nafaqa miqdori ish haqining 3 dan 2 qismidan kam boʻlmasligi kerak. Bu 66% dan yuqori degani. Biroq Oʻzbekistonda salkam 1 yarim yil davomida homilador ayollarga ish haqining 50%i miqdorida nafaqa toʻlab kelindi. Faqat 2018 yil aprel oyiga kelibgina moliya vazirligining yangi tarkibi bunga chek qoʻydi. Oʻzgarishga koʻra, 50% qismi olib tashlandi va ishga kirganiga 12 oy boʻlmagan ayollarga 75%, 12 oydan oshganlarga 100% etib belgilandi.

Xoʻp, mana, tuzatishibdi-ku, yana nima muammo demoqchimisiz? Endi buyogʻini eshiting.

Mehnat kodeksining 286-moddasiga binoan, homiladorlik va tugʻish nafaqasi homiladorlik va tugʻish taʼtilining butun davrida toʻliq ish haqi miqdorida toʻlanadi. Garchi oradan shuncha payt oʻtgan boʻlsa-da, lekin Mehnat kodeksiga tegishli oʻzgarish kiritilgani yoʻq, hali ham TOʻLIQ ISH HAQI boʻlib turibdi.

Prezident qarori esa qonundan ustun boʻla olmaydi (bu haqida batafsil oʻqish).

Shu sababli aslida Mehnat kodeksining 286-moddasiga tegishli oʻzgarish kiritilmagungacha homiladorlik va tugʻish nafaqasi hammaga 100% toʻlanishi kerak va shart!!!

Biroq 2016 yil dekabrdan toki 2018 yil 4 aprelga qadar butun mamlakat boʻylab “paqillatib” 50-75% toʻlandi, bugungi kunda esa 75% toʻlash davom etmoqda.

Mabodo ayrim qonuni yaxshi tushunadigan buxgalterlar “hali Mehnat kodeksiga oʻzgarish kirmadi-ku” deya 100% toʻlagan boʻlsa, KRU degan qoʻrqinchli moliyaviy tashkilot tekshiruvlar oʻtkazib, oʻsha buxgalterlarga “ortiqcha toʻlangan” pullarni qaytartirishib, intizomiy jazolarga tortishmoqda (ana shunday jabrdiyda buxgalterlardan birining xatini ilova qilyapman).

Bu yozganlarim bilan nafaqa pulini ish stajiga qarab tabaqalashtirish qonunga zid, demoqchi emasman. Mayli, agar shu zarur boʻlsa, tabaqalashtirishsin. Faqat bu qonun doirasida boʻlsin!

Aslida 2016 yil 27 dekabrdagi Prezident qarorida hammasi toʻgʻri yozilgan edi. Xususan, Qarorda Mehnat vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2 hafta muddatda homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalar tayinlash hamda toʻlash tartibini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin, deya belgilangandi. Yaʼni bu - “avval hamma qonun hujjatlarini toʻgʻrilab olinglar-da, keyin amalga kiritinglar” deganidir.

Biroq bunday tartib, mana, 2 hafta emas, 2 yil oʻtsa hamki, tasdiqlangani yoʻq. 2 yil oʻtdi, 2 yil!

Nima qilamiz, hurmatli mutasaddilar? Qonun buzilishini jimgina kuzataveramizmi yoki biror chora koʻriladimi? Homilador ayollarning huquqlari hech kimni tashvishga solmaydimi?

Yechim: masalaning yechimi juda oddiy, shunchaki to Mehnat kodeksi oʻzgarmagungacha, hamma homilador ayollarga 100% nafaqa toʻlashda davom etish kerak, boʻldi. Ortiqcha muammo koʻrmayapman. Yana ham kim bilsin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?