1933-yilda qurilgan GES qayta modernizatsiya qilindi

11:38 30 Iyul 2020 Iqtisodiyot
314 0

Hozirgi koronavirus pandemiyasi sharoitiga qaramasdan «Oʻzbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan bundan 87 yil burun qurilgan GESni modernizatsiya qilish loyihasi muvaffaqqiyatli yakunlandi. Natijada Chirchiq-Boʻzsuv suv-energetik traktidagi “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi mazkur Qodiriya GES (GES-3) qayta ishga tushirildi.

Qodiriya GES tizimda uzoq yillardan beri faoliyat koʻrsatayotgan gidrotexnika inshootlaridan biri hisoblanadi. U 1933-yilda bunyod etilgan boʻlib, oʻrnatilgan umumiy quvvati 13,2 MVtga teng. Biroq soʻnggi paytda 4 ta agregati ishlash quvvati samaradorligini yoʻqotib, taʼmirga muhtoj boʻlib qolgan edi. Shu bois 2017-yilning dekabr oyida inshoot quvvatini tiklash saʼy-harakatlari boshlab yuborildi. Modernizatsiya ishlari qariyb uch yil mobaynida bosqichma-bosqich olib borildi.

Taʼkidlash kerakki, GESda qurilish-montaj, texnik qurilmalarni yigʻish va oʻrnatish, ehtiyot qismlarni butlash ishlari ayni karantin eʼlon qilingan murakkab davrga toʻgʻri keldi. Shunday boʻlsa-da, jarayon bir zum ham toʻxtab qolmadi. Ish karantin qoidalariga toʻla rioya qilgan holda tashkil etilib, tunu kun olib borildi. Xorijdan jalb qilingan bir guruh soha mutaxassislari esa hukumat yordami Oʻzbekistonga yetib kelishdi. Bu modernizatsiya ishlarini oʻz vaqtida tugallash imkonini berdi.

Asosiy gidrotexnika jihozlari Xitoy Xalq Respublikasining “Dongfang Electric International Corporation” kompaniyasidan xarid qilinib, ularni yigʻish ishlari xorijiy va mahalliy malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.

Qodiriya GES-3ni ishga tushirishga bagʻishlangan tadbirda modernizatsiyadan soʻng GESning umumiy quvvati 15,34 MVtga yetkazilgani alohida qayd etildi. Buning hisobiga yillik oʻrtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichi 124 mln.kVt.soatga yetkazilishi kutilmoqda.

Bu esa hudud aholisi va ishlab chiqarish subyektlarini ekologik toza elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?