18 milliard soʻmga yaqin toʻlanmay yurgan qarzdorliklar undirildi

14:02 22 Avgust 2019 Jamiyat
59 0

Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar barcha jabhalar kabi soliqchilik sohasida ham oʻz taʼsirini koʻrsata boshladi. Hududlarda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar koʻrsatish sohalarining jadal rivojlanishi natijasida yangi zaxiralar va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Bu esa oʻz navbatida tadbirkorlikni rivojlantirish, ragʻbatlantirishning yangi yondashuvlari va metodlarini ishlab chiqish, sinab koʻrish, yuqori darajada qulay biznes muhitini shakllantirishga olib kelmoqda, pirovardida soliq imtiyozlaridan foydalangan yuridik shaxslar va fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda soliqlarni oʻz vaqtida toʻlashi, oʻz vaqtida toʻlanmagan soliqlarni davlat byudjetiga hamda byudjetdan tashqari davlat jamgʻarmalariga majburiy undirib olish choralari koʻrilishi qonunchilikda belgilab qoʻyilgan.

Soliq qarzdorligini oʻz vaqtida toʻlamay, oʻz faoliyatini davom ettirayotgan korxonalar Jizzax viloyatida ham uchrab turibdi. Joriy yilning oʻtgan yetti oyi mobaynida Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosining Jizzax viloyat boshqarmasi hamkorligi natijasida viloyatdagi soliq toʻlamagan tadbirkorlardan 17 milliard 793 million soʻmlik soliq qarzdorliklari undirildi.

-Sayi harakatlarimiz natijasida viloyatning katta qarzdorligi boʻlgan Doʻstlik, Paxtakor, Zafarobod, Zomin, Arnasoy, Yangiobod tumanlari va Jizzax shahrida soliq qarzdorlik yuki kamayishiga erishildi, - deydi Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Erkin Erkaboyev. – Jumladan, “Uch-tepa paxta tozalash” korxonasidan 1 milliard 190 million soʻm, “Doʻstlik paxta tozalash” korxonasidan 3 milliard 129 million soʻm, “Zarbdor paxta tozalash” korxonasidan 1 milliard 26 million soʻm undirildi.

Shuningdek, har ikkala boshqarma hamkorligi va Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan 4 milliard 15 million soʻmga yaqin qarzdorligi boʻlgan “Jizzax don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatining “Lasetti” avtomashinasi va non pishirish sexi auksion savdosi orqali sotilib, umumiy qarzdorlikdan 243 million soʻmi undirilishiga erishilgan.

Toʻlanmay yurgan qarzdorliklarni undirish ishlari davom etmoqda.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?