Xorijiy fuqarolarning viza muddati avtomatik tarzda uzaytiriladi

23:40 17 Mart 2020 Jamiyat
208 0

Foto: Туризмни ривожлантириш давлат қўмитаси

Oʻzbekiston va barcha xorijiy davlatlar oʻrtasidagi avia va avtomobil qatnovlarini joriy yilning 16-martidan boshlab vaqtinchalik toʻxtatilishi munosabati bilan, respublikada boʻlib turgan xorijiy fuqarolarni oʻz mamlakatlariga yetkazish va chet davlatlardagi hamyurtlarimizni Oʻzbekistonga olib kelish boʻyicha charter reyslarni tashkil qilish yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-mart kunidagi koronavirusning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining yigʻilishida shunga doir qaror qabul qilindi, deb xabar berdi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.

Hujjatga koʻra, karantin muddati davriga toʻgʻri keluvchi turizm maqsadida xarid qilingan havo va temir yoʻllari chiptalari, shu jumladan ichki qatnovlar uchun chiptalarni xaridorlar tomonidan qaytarilgan taqdirda, jarimasiz qabul qilish, chipta narxini xaridorga toʻliq qaytarish yoki boshqa muddatga koʻchirish choralari koʻriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan xorijiy mamlakat fuqarolarining viza muddati joriy yilning 10-apreligacha avtomatik tarzda uzaytiriladi.

Shuningdek, muayyan muddatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham (belgilangan muddat buzilgan taqdirda) istisno tarzida mamlakatdan chiqib ketishiga joriy yilning 10-apreliga qadar ruxsat beriladi.

Yuqoridagi holatlarda ularga nisbatan hech qanday choralar koʻrilmaydi.

Mazkur qarorga asosan, mehmonxona majmualari rahbariyatidan mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, xorij fuqarolarini joylashtirish vositalariga muammosiz qabul qilish soʻraladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?