18-19 mart kunlari mamlakatimizda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

11:15 14 Mart 2018 Jamiyat
929 0

Har yili Navro‘z bayrami arafasida ayyomni munosib kutib olish va nishonlash maqsadida hashar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.

Prezidentimizning “2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqib, shu yilning mart-aprel oylari yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi hamda 18-19 mart kunlari umumxalq xayriya hashari sifatida belgilangani bunga yaqqol misoldir. Zero, hashar kunlarida odamlar orasida o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, mahallalar hamda aholi turarjoylarini obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish, hududlar sanitariya holatini yaxshilash ishlari umumxalq harakati darajasiga ko‘tariladi.

Hozirgi paytda hasharni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida barcha davlat hamda jamoat tashkilotlari tomonidan puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, “Mahalla” xayriya jamoat fondida ishchi guruhi tuzilib, reja asosida ish olib borilayotir. Uning ma’lumotiga ko‘ra, hashar kunlari obodonlashtirish va saxovat tadbirlari yanada kuchayadi. Xususan, mahalla, korxona hamda tashkilotlar hududlarini tozalash, guzar, ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirish, joylarda turfa xil daraxtlar hamda gul ko‘chatlari o‘tqazish, yangi bog‘ va gulzorlar barpo etish, mavjudlariga shakl berish yumushlari bajariladi. Yangi inshootlar hamda korxonalar foydalanishga topshiriladi.

Hashardan tushgan xayriya mablag‘lari ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy hamda ma’naviy yordam ko‘rsatish, ularning uy-joylarini ta’mirlash, yosh oilalarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalar farzandlarining to‘ylarini o‘tkazishga ko‘maklashish, bolalar maydonchalarini tartibga keltirish va boshqa ko‘plab xayrli tadbirlarga yo‘naltiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?