17 may — Ramazon oyining birinchi kuni

13:02 11 May 2018 Jamiyat
931 0
Фото: UzNews.uz

Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari qaysi hududga tashrif buyurmasin, o‘z safarini eng avvalo muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishdan boshlashi, masjidlarni ta’mirlashga e’tibor qaratishi, jamiyatimizda barqarorlik, mehr-oqibat muhitini ta’minlashda diniy ulamolar, xususan, imom-xatiblar o‘rni muhim ekanligiga urg‘u berib, ularga alohida ishonch bildirishi bejiz emas. Zero, ushbu sa’y-harakatlar zamirida farzandlarimizni namunali xulq egasi, ma’naviyatli etib tarbiyalashdek ulug‘vor maqsadlar mujassam.  

11 may kuni O‘zbekiston musulmonlar idorasi majlislar zalida Ramazon oyiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ushbu muqaddas oyni diyorimizda ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga bag‘ishlangan anjumanda ham shu haqda ta’kidlab o‘tildi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansur, imom-xatiblar, jurnalistlar va diniy ta’lim muassasalari xodimlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Ramazon oyi fazilatlari haqida so‘z bordi, iftorlik masalasida kimo‘zarga bellashmaslik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik so‘raldi. Shayx Abdulaziz Mansur tomonidan Astranomiya instituti ilmiy xulosalariga asosan Ramazonning birinchi kuni 17 may kuni bo‘lishi bildirildi. Bu e’lon bugun juma namozida imom-xatiblar tomonidan aholiga yetkazilishi ham ta’kidlab o‘tildi.

Maqsud JONIXONOV.


 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?