1,65 mlrd. dollarlik aktivga ega mashhur kompaniya rahbariyati nega Navoiyga keldi?

13:40 03 Oktyabr 2019 Jamiyat
168 0

Navoiy viloyati hokimi Hindistonning “Delhi International Airport Limited” (DIAL) tijorat direktori Sanjay Edvard bilan muzokara olib bordi.

Muzokaralarda mamlakatimiz rahbarining “Navoiy quruqlik portini tashkil etish” vazifasi ijrosi doirasida Navoiy xalqaro aeroportida amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalar muhokama etildi. Shu bois hamkorlar dastlab Navoiy xalqaro aeroporti va Xalqaro intermodal logistika markazi faoliyati bilan tanishdilar.

Taʼkidlash joiz,”Delhi International Airport Limited” (DIAL) kompaniyasi “GMR Group” (54 %), Hindiston Aeroportlar boshqarmasi (26 %), “Fraport AG” (Germaniya, 10%) va “Eraman Malaysia” (10 %) kompaniyalari taʼsischiligida tashkil etilgan qoʻshma korxona hisoblanadi.

Asosiy taʼsischi “GMR Group” 1978-yilda Grandi Mallikardjuna Rao tomonidan tashkil etilgan boʻlib, maʼmuriy qarorgohi Nyu-Dehlida joylashgan va aeroportlar, avtomagistrallar qurish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va shahar infratuzilmasini yaratish kabi sohalardagi loyihalar amalga oshiradi.

Kompaniya dunyodagi aeroport quruvchi kompaniyalar toʻrtligidan oʻrin olgan hamda bugungi kunda 10 mingdan ortiq malakali mutaxassis va ishchilarga ega. Fond birjalarida kompaniya aktivlarining umumiy qiymatda 1.65 mlrd. dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, kompaniyaning Nepal, Indoneziya, Singapur, Filippin va Gretsiya kabi mamlakatlarda aktivlari hamda loyihalari mavjud. Bugungi kunga qadar kompaniya 3 ta aeroportni toʻliq qurib bitkazgan va yana 2 ta aeroportda qurilishlar davom etmoqda. Ushbu aeroportlarda 267 ta yoʻnalish boʻyicha yiliga 100 milliondan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi.

Temur ESHBOYEV, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?