16 nafar “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qoʻyildi

18:28 25 Oktyabr 2018 Jamiyat
534 0

Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi Qoʻshimcha daromadlarni aniqlash va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish boʻlimi xodimlari tomonidan tadbirkorlar bilan doimiy ravishda profilaktik suhbatlar oʻtkazib borilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi xabar berdi.

- Oktyabr oyining oʻtgan davri mobaynida 213 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtdi, - deydi Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Lochinbek Rasulov. - 46 nafar faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyati tiklandi. Shuningdek, 38 nafar yollanma ishchilar roʻyxatdan oʻtkazildi.

Ammo oʻtkazilayotgan profilaktik suhbatlar, ogohlantirishlarga qaramasdan davlat roʻyxatidan oʻtmay, yashirincha faoliyat yuritishni afzal koʻruvchi “tadbirkor”lar ham uchrab turibdi. Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan 16 nafar jismoniy shaxslarning faoliyatiga chek qoʻyildi. Jumladan, 5 ta holatda avtomobillarni yuvish faoliyati, 7 ta holatda avtomobillarni vaqtinchalik saqlash (avtostoyanka) joylari tashkil qilish, 2 ta holatda maxsus litsenziyasiz gastrol konsert faoliyati bilan shugʻullanish, 2 ta holatda savdo faoliyati bilan shugʻullanayotgan “tadbirkorlar” aniqlandi.

Jumladan, Samarqand shahar, Jomiy koʻchasi 46-uy yertoʻlasida kiyim-kechaklari savdosi bilan shugʻullanib kelgan A.Z. faoliyatini boshlashdan avval davlat roʻyxatidan tadbirkor sifatida davlat roʻyxatdan oʻtishi lozimligini “bilmagan”. Oʻtkazilgan nazorat tadbirida A. Z. hech qanday hujjatlarsiz faoliyat yuritib, 375 mln. 885 ming soʻmlik 39 turdagi ayollar va bolalar kiyim-kechaklarini savdoga qoʻygan. A.Z.ning savdoga qoʻygan mahsulotlari vaqtinchalik daliliy ashyo sifatida olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?