1590 nafar bitiruvchiga ikki mingga yaqin bo’sh ish o’rni taklif etildi

17:29 09 Aprel 2018 Jamiyat
778 0
Foto: Hakim Yo’ldoshev "Xalq so’zi". 

 
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bo’sh ish o’rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Unda respublikamiz bo’yicha 100 dan ortiq ish beruvchi korxona, tashkilot va muassasalar 2 mingga yaqin bo’sh ish o’rinlari bilan qatnashdi.

— 2017/2018 o’quv yilida bakalavriat ta’lim yo’nalishlari hamda magistratura mutaxassisligi bo’yicha jami 1590 nafar talaba bitiradi, — deydi institutning o’quv ishlari bo’yicha prorektori Bahodir Mirzaev. — Yarmarka bitiruvchilarga o’z mutaxassisliklari bo’yicha ish beruvchilar bilan o’zaro shartnoma tuzish uchun qulay imkoniyat yaratdi. 

Tadbir doirasida ko’plab yoshlar o’z ish joylarini tayin qilib olishdi, ularga yo’llanmalar berilib, o’zaro shartnomalar ham imzolandi. 

Foto: Hakim Yo’ldoshev "Xalq so’zi". 

— Taklif etilayotgan ish o’rinlari, mehnat sharoiti bilan yaqindan tanishdim, — deydi Saydullo Suyunov. — Mutaxassisligim bo’yicha “O’zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalashtirish institutiga ishga yo’llanma oldim. Bundan juda xursandman. Biz, yoshlar jonajon O’zbekistonimiz ravnaqi yo’lida sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz. 

Tadbirda Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tizimidagi tashkilotlardan 13 ta vakant ish joyi taklif etildi. Ularga iqtidorli yigit-qizlar jalb etilmoqda. Sirdaryolik Iroda Navro’zova ushbu boshqarmadan o’ziga munosib ishni topganidan mamnun. 

— Bugun o’zimga munosib ish topdim, — deydi Iroda. — O’qish davomida mazkur boshqarmada amaliyot o’tab, shu erda ishlashni orzu qilgandim. Sababi, mehnat sharoiti menga juda ma’qul kelgandi. Qolaversa, uyimga ham uzoq emas, bemalol qatnab ishlashim mumkin. Endi bildirilgan ishonchni oqlab, sidqidildan ishlayman.  

O’tgan yili ushbu oliygohni tamomlagan yoshlarning deyarli barchasi turli tashkilotlarda faoliyat ko’rsatishmoqda. Joriy yilda ham shunday ko’rsatkichga erishishda tashkil etilgan mehnat yarmarkasi katta maydon vazifasini o’tashi, shubhasiz. 

Rahim SHERQULOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?