152 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzgani uchun Respublika hududidan chiqarib yuborilgan

17:48 13 Dekabr 2019 Jamiyat
479 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Termiz shahridagi matbuot uyida Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiya huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat IIB Axborot xizmati tomonidan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirishga doir faoliyat haqida jamoatilikni xabardor qilish maqsadida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda ommaviy axborot vasitalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari hamda soha xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab, Surxondaryo viloyati IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshligʻi Sanjar Qobilov joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyat miqyosida 17529 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxatga olingan. 2016-2019-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolik berishga doir tegishli farmonlariga binoan Surxondaryo viloyatida doimiy yashovchi fuqaroligi yoʻq 251 nafar shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.

Nobiometrik pasportlarni yangisiga almashtirish jarayonlari bosqichmfa-bosqich amalga oshirilib, hozirga qalar 1 million 700 nafarga yaqin fuqarolarga biometrik pasportlar rasmiylashtirildi. Hukumatning 2018-yil 30-iyundagi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometik boʻlmagan pasporti shu yilning 31-dekabriga qadar amal qiladi. Taʼkidlanishicha, shu muddatga qadar biometrik pasport olmagan fuqarodiga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 223-moddasiga muvofiq 111 500 soʻmdan 669 000 soʻmgacha jarima qoʻllaniladi.

Joriy yilning shu davriga qadar pasport-viza tizimi qoidalarini buzgan 9576 nafar shaxs aniqlangan. 152 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzgani uchun Respublika hududidan chiqarib yuborilgan.

Viza tizimining soddalashtirilgani, davlatlararo bordi-keldi aloqalari yaxshilangani pirovardida shu yilning oʻzida 45152 nafar chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar xususiy ish, sayyohlik, xizmat yuzasidan Surxondaryo viloyatida boʻlishgan.

Matbuot anjumanida ichki ishlar organlarida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirishga doir shu kabi va boshqa ish-faoliyat haqida atroflicha maʼlumotlar berildi. Oʻz navbatida, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga mutasaddilardan javob olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?