15 nafar yosh kinoijodkor Bollivudda malaka oshiradi

14:02 04 Noyabr 2019 Madaniyat
215 0

"Oʻzbekkino“ milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Santosh Ja bilan muloqotida erishilgan kelishuvi orqali

Hindistonning 2019-2020-yillarga moʻljallangan texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida 15 nafar yosh kinoijodkorimiz Hindistonda kino sohasida malaka oshiradigan boʻldi.

– Ushbu dastur oʻzbekistonlik nomzodlarni barcha oʻqitish xarajatlarini qoplaydi, – dedi Santosh Ja uchrashuv chogʻida, – Bundan tashqari, individual dasturlarni tashkil qilish, 2-3 oylik kinematografiya kurslarini oʻtashga imkon beradi.

Muloqotda Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasida kino sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bir qator fikr va takliflar bildirildi. Jumladan, 60 yillik tarixi davomida hind kinosining eng taniqli yulduzlarini yetishtirib chiqargan Puna shahridagi kinematografiya instituti bilan hamkorlik oʻrnatish masalasi ham muhokama qilindi.

“Oʻzbekkino“ milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov Buxoro va Xivada amalga oshirilayotgan ikkita hind kinoloyihasi va agentlikning yaqin kelajakda rejalashtirilayotgan Hindiston bilan bogʻliq loyihalari haqida gapirdi. Jumladan, rejissyor J. Qosimov suratga olayotgan “Ibrat“ filmining ayrim epizodlari Hindistonda suratga olinishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qayta tiklanayotgan Toshkent kinofestivali haqida ham soʻz bordi. 1968-1992-yillar davomida, har ikki yilda bir marotaba oʻtkazib kelingan Toshkent kinofestivalida hind kinosining Raj Kapur, Shiyam Benegal, Shabana Azmi singari soʻnmas yulduzlari ham ishtirok etishgan.

Elchi Santosh Ja ushbu gʻoyani qoʻllab-quvvatlashga va Hindistonning mashhur kino yulduzlarini mazkur festivalga jalb qilishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv davomida tomonlar 2020-yilda Hindistonda “Oʻzbekiston kinosi kunlari“ hamda yurtimizda “Hind kinosi kunlari“ni oʻtkazish zarurligini taʼkidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?