1,5 million dollarlik yangi tibbiy muassasaga tamal toshi qoʻyildi

15:26 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
72 0

Bagʻdodlik tadbirkor Elmurod Haydarov tumanning “Xoʻjaqishloq” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Osiyo shifo-med” diagnostika markazi va statsionar davolash muassasasi qurilishini boshladi. Bir guruh nuroniylar ishtirokida bino poydevoriga ramziy gʻisht qoʻyilar ekan, aholi salomatligi yoʻlida koʻzlangan ezgu maqsad uchun tadbirkorga samimiy minnatdorlik bildirildi.

Kelgusi yilning ikkinchi yarmidan ish boshlashi moʻljallangan tibbiy muassasa qurilishi uchun tadbirkorning shaxsiy mablagʻi hisobidan 700 ming AQSH dollari, binoni zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar va qoʻshimcha vositalar bilan jihozlash uchun esa 750 ming AQSH dollari miqdorida bank imtiyozli krediti sarflanishi kutilmoqda.

– Rejaga koʻra, muassasa 3 qavatli boʻladi va unda terapiya va xirurgiya yoʻnalishlari boʻyicha diagnostika, davolash va maslahat konsalting xizmatlari koʻrsatiladi, – deydi tadbirkor E. Haydarov. – Shuningdek, bu yerda laboratoriya, UTT, EKG orqali yurak qon-tomir, ichki, onkologik va boshqa kasalliklarni erta aniqlash, tashxis qoʻyish, davolash uchun barcha zamonaviy moddiy-texnik imkoniyatlar yaratishni moʻljallab turibmiz. Qolaversa, chet eldan malakali mutaxassislarni taklif qilish niyatimiz ham bor.

Eʼtiborli jihati shundaki, muassasa ish boshlagach, bunda 50 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?