15 yillik tanaffusdan soʻng mahallaga yana gaz keldi

10:04 17 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
581 0

Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Buloqboshi tumanidagi Uchtepa, Zargʻaldoq va Tinchlik koʻchalarida 15 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Toʻgʻrisi, ularda tabiiy gazga boʻlgan umid ham soʻnib boʻlgandi. Boisi, soʻnggi 15 yildan buyon quvurlardan gaz “oqmadi”.

Bundan bir yil muqaddam “Andijonneft” aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlari tumanning Uchtepa qishlogʻida olib borilgan neft qazish ishlari davomida 1080 metr chuqurlikda tabiiy gaz konini aniqladilar. Tez fursatdan soʻng yana bir gaz koni maʼlum boʻldi. Bundan, eng avvalo, tuman aholisi manfaat topdi.

— Oʻtgan yil davomida “Oʻztransgaz” AK Andijon hududiy boʻlimi tomonidan 1,5 kilometr masofaga gaz quvurlari tortildi. Natijada 14 ming 200 ta xonadon tabiiy gaz bilan toʻliq taʼminlandi, — deydi Buloqboshi tumani gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi Toʻlqinjon Abduxalilov.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, isteʼmolchilar soni 2018 yilda 2017 yildagiga nisbatan 7 ming 840 nafar koʻpaygan. Joriy yilda esa mazkur koʻrsatkich yanada ortadi. Binobarin, hududda aholini tabiiy gaz bilan taʼminlash ishlari davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?