14 yoshli bolaning kasalxonaga tirik borib, oʻlik qaytgani iddao qilinayotgan videolavha haqida quyidagilar maʼlum qilindi

17:39 14 Avgust 2019 Jamiyat
421 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 14 yoshli bolaning kasalxonaga tirik borib, oʻlik qaytgani iddao qilinayotgan videolavhani Sogʻliqni saqlash vazirligi atroflicha oʻrganib, quyidagilarni aniqladi.

Joriy yil 1-avgust kuni soat taxminan 17:00 lar atrofida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali qabul boʻlimiga 14 yoshli A.I. yoʻl mashinasida olib kelingan. Qarindoshlarining aytishicha, A.I. bozorda stulga oʻtirgan vaqti birdaniga hushidan ketgan va yiqilgan.

Filial qabul boʻlimida A.I. koʻrikdan oʻtkazilganda u biologik oʻlim holatidaligi aniqlangan. Shunga qaramay shifokorlar yurak tashqi massajini amalga oshirishgan, maxsus qopcha orqali nafas berilib, standartlar asosida tibbiy muolajalar tezkorlik bilan koʻrsatilgan.

A.I.ning qarindoshlariga biologik oʻlim mavjudligi, qilinayotgan reanimatsion chora-tadbirlar samarasizligi haqida bir necha bor aytilishiga qaramasdan, ular qabul boʻlimi vrachlarini haqoratlab, tazyiq ostida reanimatsion choralar kursatishni davom etirishga majburlashgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan videolavha marhum keltirilgandan keyin 30 daqiqa oʻtib olingan tasvirlar boʻlib, barcha koʻrsatilayotgan yordam murda qarindoshlari tazyiqi va bosimi ostida bajarilgan. Soʻngra murda ichki ishlar xodimlariga topshirilib, sud-tibbiy ekspertiza byurosiga oʻtkazilgan.

– Ish vaqtida hech qaysi tibbiyot xodimi spirtli ichimlik isteʼmol qilmagan, – deydi filial direktori Akbar Tilyakov. – Ijtimoiy tarmoqlardagi “vrachlar spirtli ichimlik ichgan holatda yordam koʻrsatayapti” degan iddaolar yolgʻon va tuhmat boʻlib, agar vrachlar xaqiqatdan ham ushbu holatda spirtli ichimlik ichib, yordam koʻrsatayotgan boʻlganida marhumning qarindoshlari u yerdagi shifokorlarni usha vaqtdayoq tinch quyishmagan boʻlishardi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huquqni muhofaza qilish organlaridan ushbu holat yuzasidan, yaʼni ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon videolavha tarqatib, xalqda tibbiyot xodimlariga nisbatan ishonchsizlik uygʻotishga harakat qilayotgan fuqarolarga nisbatan qonunda belgigangan tartibda huquqiy choralar koʻrishlarini soʻraydi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?