14 ta xorijiy aviakompaniya Oʻzbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda

10:42 28 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
413 0

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasiga qarashli samolyot

14 ta xorijiy aviakompaniya Oʻzbekistonda faoliyat yuritishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari v.b. Ulugʻbek Qosimxoʻjayev yil yakunlariga bagʻishlab tashkil qilingan matbuot anjumani vaqtida maʼlum qildi.

Qosimxoʻjayevning aytishicha, uning oʻzi toʻrtta katta loukoster kompaniya bilan muzokara olib borgan. “Hozirda jami Oʻzbekiston bozoriga 14 ta turli kompaniya qiziqish bildirmoqda. Bu faqatgina loukosterlar emas. Ular orasida - KLM (Niderlandiya), Lufthansa (Germaniya), Lion Air (Indoneziya) va boshqalar”, - dedi Qosimxoʻjayev.

Turkiyaning ikkita loukosteri Pegasus Airlines va Atlasglobal, shuningdek, BAAdan Flydubai hamda Rossiyadan yana bir kompaniya Oʻzbekiston bozorini kuzatmoqda.

“2018 yil aviatsiya sohasida katta oʻzgarishlar boʻldi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” monopoliyani yoʻqotdi. Aeroportlarni boshqarish funksiyasi Uzbekistan Airportsʼga berildi. Endi kim bozorga kirishi masalasi bevosita bosh vazirning vakolatlari orasida”, - deya qoʻshimcha qilib oʻtdi u.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?