124 yoshli onaxon “Oʻzbegim ayoli“da qanday qilib sovrindor boʻldi?

02:24 06 Mart 2019 Jamiyat
1012 0

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Kecha Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrida “Oʻzbegim ayoli” Milliy mukofotini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

“Milliy” telekanali tomonidan uyushtirilgan mazkur anjumanga adabiyot, sanʼat, fan, madaniyat, badiiy ijod va boshqa jabhalarda uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar, onaxonlar, yosh ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida oʻtkazilgan ushbu tadbir mamlakatimizda ayollarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtiborning, davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatda xotin-qizlar, ularning taqdiri, jamiyat hayotidagi faolligini taʼminlash masalalari alohida oʻrin tutishining yana bir isboti boʻldi, desak, aslo mubolagʻa emas.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Tadbirda 17 nafar hamyurtimiz turli nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi. Quyida barcha nominatsiya va ularning sohibalari xususida batafsil maʼlumot beramiz.

“Eng jasoratli ayol” nominatsiyasi — Nargiza Arslonova, “Toshkent City” qurilishida kran mashinisti.

“Irodali ayol” nominatsiyasi — Iroda Rapikova, alpinist, Oʻzbekiston chempioni.

“Qobiliyatli ayol” nominatsiyasi — Raʼno Bobobekova, styuardessa. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AJ xodimi.

“Sabotli ayol” nominatsiyasi — Latofat Roʻziyeva, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti xodimi, oddiy askar.

“Dovyurak ayol” nominatsiyasi — Zulxumor Aliyeva, FVV xodimi.

“Fidoyi ayol” nominatsiyasi — Zoya Izbosarova, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ “Qoʻngʻirot mintaqaviy temir yoʻl uzeli” unitar korxonasida katta naryadchik.

“Bardoshli ayol” nominatsiyasi — Xushvaqt Joʻrayeva, Buxoro viloyatilik kasanachi.

“Oilaparvar ayol” nominatsiyasi — Ziyoda Gadoyeva, tadbirkor, 30 yildan buyon asalarichilik bilan shugʻullanadi.

“Shijoatli ayol” nominatsiyasi — Guliston Jovliyeva, fermer, 20 yildan beri qishloq xoʻjaligi sohasida traktor va kombayn haydaydi.

“Kurashuvchan ayol” nominatsiyasi — Dilfuza Musayeva, Xorazm viloyati perinatal markazining asoratli homiladorlar boʻlimi mudiri.

“Matonatli ayol” nominatsiyasi — Vazira Shokirova, tadbirkor, bundan 21 yil oldin onkologik xastalikka chalingan. Shifokorlar unga ogʻir tashxis qoʻyib, yashashiga umid kam ekanligini aytishgan. 20 yildan beri kasallikni yengib kelmoqda.

“Gʻamxoʻr ayol” nominatsiyasi — Rayhon Rustamova, pedagogika fanlari nomzodi, xalq taʼlimi aʼlochisi, surdopedagog.

“Mehribon ayol” nominatsiyasi — Muharram Mahmudova, Fargʻona viloyatidagi “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyi sanitar enagasi.

“Qatʼiyatli ayol” nominatsiyasi — Roziya Ergasheva, yengil atletikaning nayza uloqtirish sport turi boʻyicha 7 karra Oʻzbekiston chempioni, paraosiyo oʻyinlari gʻolibi.

“Zehnli ayol” nominatsiyasi — Zarifa Eshmirzayeva, olima, “Oltin meros” xayriya jamoat fondi rahbari, 600 dan ortiq ilmiy maqolalar va adabiyotlar muallifi.

“Bagʻrikeng ayol” nominatsiyasi — Munavvar Pardayeva, nafaqaxoʻr, hayoti davomida 60 nafar bolani asrab olib, ularni katta hayotga kuzatgan, oilali qilgan, ota-onasidek gʻamxoʻrlik qilgan bagʻrikeng ayol.

“Eng yoshi ulugʻ onaxon” nominatsiyasi — Huvaydo Umarova — Fargʻona viloyatida butun umr ogʻir xoʻjalik ishlari, paxta yetishtirish, dehqonchilik, pillachilik bilan shugʻullangan mehnatkash ayol. 124 yosh.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Gʻoliblarga statuetka, qimmatbaho sovgʻalar va pul mukofoti yozilgan vaucherlar topshirildi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Tadbirga estrada xonandalari hamda sanʼat ustalarining konserti alohida fayz bagʻishladi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Yulduz Oʻrmonova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?