1100 dan ziyod kishi O’zbekiston fuqarosi bo’ldi

12:02 13 Mart 2018 Jamiyat
1107 0

Aslida, bir odam ko’ngliga yo’l topishning o’zi murakkab. Butun xalq dardu tashvishlariga malham bo’lish, orzu-umidlariga qanot bag’ishlash esa nihoyatda qiyin va ayni damda juda ulug’vor ish. O’zbekiston fuqaroligiga qabul qilish, chegara munosabatlarini tartibga solib, og’a-ini, qardosh-birodar bo’lib yashagan xalqlarning azaliy munosabatlarini qayta tiklash, uysizlarga uy berib, muhtojlarga muruvvat ko’rsatish, davlat idoralarini to’la-to’kis xalq uchun xizmat qildirish... Uzoq yillar davomida o’z echimini kutgan bunday og’riqli muammolarni hal etish shunchalik oson, deb o’ylaysizmi?! Tabiiyki, bularning barchasi — yuksak aql-idrok, donishmandlik, oqilona siyosat, fidoyilik va matonat mahsuli.

Biz “Inson qadri ulug’” rukni orqali odamlarimiz hayotida muhim burilishlar yasagan ana shunday yangilanishlar mazmun-mohiyati, ularning oddiy odamlar hayotidagi ifodasini turkum maqolalarimiz orqali yoritishni maqsad qildik. Shulardan dastlabkisini bugun gazetxonlar e’tiboriga havola etayapmiz.

Odamlarni rozi qilish — eng muhim talab

“Insoniy vujuddan maqsad — baxt-saodatga erishuvdir”, deb yozgan edi Abu Nasr Forobiy. Sharq Uyg’onish davrining buyuk mutafakkiri fikricha, fozil odamlar shahri aholisi aynan shunday taqdirga munosib. Xo’sh, oradan 1100 yil o’tib bu ko’hna hikmat o’z ahamiyatini yo’qotdimi? Albatta, yo’q!

Yurtimizda kechayotgan yangilanishlar mohiyatiga teranroq nazar tashlasak, ular avvalambor, inson qadr-qimmati, sha’ni, manfaatiga xizmat qilayotganiga amin bo’lamiz. Zero, kattayu kichik rahbarlar oldiga qo’yilgan davr talabi bitta: odamlarni rozi qilish! Buning uchun xalq orasiga chuqurroq kirib borish lozim. Davlatimiz rahbarining qat’iy da’vati — shu!

Ushbu jarayonda ayonlashadiki, yurtdoshlarimizni qiynab kelayotgan ko’plab masalalar echilmay qolayotgan ekan. Qarang, astoydil kirishilgani tufayli ularni samarali hal etish yo’llari ko’zga tashlandi. Xalq davlat idoralaridan ko’p hollarda mamnun. Chunki jamiyatda adolat va haqiqatni amalda ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari opa-singillarimiz bayrami kunidagi nutqida ko’ngillarni behad shod aylagan ezgulik xususida alohida to’xtalib o’tdi: o’tgan bir yarim yilga yaqin vaqt ichida mamlakatimizda yashab kelayotgan, lekin fuqaroligi bo’lmagan 1 ming 100 dan ortiq shaxslar O’zbekiston fuqaroligini oldi!

Shu o’rinda chuqur mulohaza yuritib ko’raylik. Uzoq yillar Vatan ichida “bevatan” hayot kechirgan bunday qismat egalari haqida biz nimalarni bilamiz? Ular kim? Qanday umr kechirishdi?

Taqdirlarni o’zgartirgan voqea

O’zbekiston Respublikasi pasportining oxirgi sahifasini ochamiz. Uning muqovasi ichki qismida shunday yozuv bor: “Pasport O’zbekiston Respublikasi mulkidir. Ushbu pasportning egasi O’zbekiston Respublikasi himoyasidadir”.

Tabiiyki, bu hujjat — millionlab o’zbekistonliklarning cheksiz g’ururi! Chunki yashil muqovali pasportimiz, avvalo, mamlakatimiz hududida yo’limizni ochiq qiladigan “yashil chiroq”dek gap. Qolaversa, u xorijga chiqish-kirish, saylash hamda saylanish kabi ko’plab huquq va erkinliklarni taqdim qiladi. Lekin hamma ham ana shu imkoniyatdan bahramandmidi? Afsuski, ayni paytgacha minglab aziz insonlar taqdirida vatansizlik qismati yozilgan edi.

Yaxshisi, quvonchli raqamlarga murojaat etaylik. Prezidentimiz Farmoni chiqqanidan buyon birgina Xorazm viloyatida O’zbekiston fuqaroligini olgan shaxslar soni roppa-rosa 200 nafarga etdi. Shulardan biri Urganch shahridagi “Inform-Algo” xususiy korxonasi bosh muhandisi Umed Jabborovdir.

— Tojikiston Respublikasida tug’ilgan bo’lsam-da, ota yurtim — O’zbekiston, — deydi u. — Shu sababli dastlab Dushanbe politexnika instituti, keyin Moskvada aspiranturani tamomlab, 1996 yilda Urganch shahriga ko’chib kelganmiz. Bugun oilam shu erda! Baxtimni tabarruk zamindan topdim. Hayotim ushbu mamlakat bilan chambarchas bog’liq.

Onam Muazzam Arabova — olima ayol. Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. Yoshlar ta’lim-tarbiyasiga ko’p mehnatlari singgan. Urganch iqtisodiyot kasb-hunar kollejida ishlagan. Hozir nafaqada. O’zim-ku, mayli, shunday fidoyi inson ham uzoq yillar zahmat chekib yashadi. Yuragini hamisha bir armon kemirdi. “O’zbekiston fuqaroligini olarmikanman?!” deb 21 yil intiq kutdi. “Omad kelsa, qo’shaloq keladi”, deyishgani rost. Davlatimiz rahbari omon bo’lsinlar. O’tgan yili men va onam O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindik. Endi hech kimdan kamimiz yo’q. Boshimizni baland ko’tarib yashasak arziydi. Prezidentimizning o’tgan haftadagi davlat tashrifini qarang. Tojikiston bilan chegaralar ochilganidan qanchadan-qancha odamlar baxtiyor. Ikki qardosh xalq o’rtasida bordi-keldi aloqalari tiklangani chinakam tarixiy voqea bo’ldi. Shunday iqbol peshonamizga bitilganiga beadad shukronalar aytamiz.

Bu olamda hatto qushning ham o’z oshyoni bor. Har giyohu ko’chatning ildiz otgan zamini — uning Vatani. Lekin taqdir taqozosi bilan Vatanida begonadek umr kechirish, odam bo’lib odamdek qadr topmaslik naqadar og’riqli?

— Namangan viloyatida tug’ilganman, — deydi Ra’noxon Hamidova. — “Qiz bola palahmon toshi”, deganlaridek, ancha yillar avval qo’shni davlatga kelin bo’lib tushdim. Bir muddat o’sha joyda istiqomat qildik. Vaqti-soati etib, tug’ilib-o’sgan qishlog’imga qaytdik. Barcha qatori yashasak-da, “O’zbekiston fuqarosi emasman-a”, degan o’ydan iztirobga tushardim. Bu, ayniqsa, saylovlarda ovoz berish jarayonida qatnasha olmaganimda rosa alam qilgan.

Mana, nihoyat niyatim ro’yobga chiqdi. Yurtboshimiz Farmoni bilan O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan shaxslar ro’yxatida turmush o’rtog’im ikkimizning ism-sharifimizni ko’rib, ko’zimizda sevinch yoshlari qalqidi. O’zbekistonning chinakam fuqarosiga aylandik. Endi barcha huquq hamda erkinliklardan to’laqonli foydalana olamiz. Hozir to’rt nafar farzandimiz bilan Yangiqo’rg’on tumanining Mamay qishlog’ida istiqomat qilayapmiz. Fuqarolik maqomiga erishish turmushimizga go’zal mazmun kiritdi.

Endi cheklovlarga o’rin yo’q

Salima Xoldorova qo’shni Qirg’iziston Respublikasining Jalolobod viloyatida tug’ilgan. Maktabni tamomlab, 1987 — 1992 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil olgan. O’zbek yigitiga turmushga chiqqan. Hozir Navoiy kon-metallurgiya kombinati muzeyida ishlaydi.

— Onam ellik besh yoshida, alpomishday ukam Iqboljon o’ttiz uch yoshida bu yorug’ olamni tark etdi, — deydi Salima opa. — Shundan keyin otam bukchayib qoldi. U kishining holidan xabar olay, derdim-u, fuqaroligim yo’qligi bois ko’plab to’siqlarga duch kelaverardim. Ustiga-ustak, chegaralar yopiq. Chetga chiqish uchun qo’shni davlatdan “taklifnoma” kelishi kerak. Bu qancha ovoragarchiligu sarsonlik evaziga qo’lga kiritilishini boshidan kechirgan odam yaxshi biladi. Davlat mahkamalarida uch-to’rt oylab sarsonu sargardon bo’lish oson emas-da. “Taklifnoma” qo’limga tekkach, Toshkentga, Qirg’iziston elchixonasiga borishim, 100 — 150 AQSh dollari to’lab viza olishim kerak bo’lardi. O’zbekiston fuqarosi bo’lganimdan boshim osmonga etayotgan bir paytda yurtimiz bilan qo’shni davlat o’rtasida qadimiy aloqalar, yaqin munosabatlar tiklandi. Pasportimni qo’limga olgach, otam, yaqinlarim diydoriga qiynalmasdan etadigan kunlar menga nasib etdi. Shunday bir ajoyib muhit yuzaga keldiki, chegaradan o’tkazish punktlaridagi insonga bo’lgan munosabat, bojxona xodimlarining e’zozli muomalasi, ochig’i, yo’lga chiqqan odamga quch-quvvat berayapti, desam, mubolag’a emas.

Otam hovlisiga kirib kelganim zahoti bamisoli bayram ishtirokchisiga aylandim. Qo’ni-qo’shnilar to’planishgan ekan. Shunda ular meni, men esa ularni dildan sog’inganimni his qildim. Endi to’siq yo’q, ovoragarchilik yo’q. Davlatimiz rahbari do’stlik ko’prigini shunday mustahkam o’rnatib qo’ydiki, uning ikki tomonidagi xalqlar bir-birlariga talpingani-talpingan. Aytishim kerakki, fuqarolik pasportim qo’ldan-qo’lga o’tib talash bo’lib ketdi.

To’g’risi, aybga yo’ymang, ichimda “Ishqilib gard tegib qolmasin-da”, deb xavotirga tushdim. Darrov oldim-da, ko’ksimga bosdim. Sababi, u qadrimni ifodalovchi baxtim, hayotim, ertangi kunim, faxru iftixorim!
* * *
“O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ham, uning tashqarisida ham o’z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatishni kafolatlaydi.”
O’zbekiston Respublikasi  Konstitutsiyasining 22-moddasi.
Farrux BO’TAEV,
«Xalq so’zi» muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?